Xursand bo‘lishga hali erta, oldinda javob o‘yini bor – Shomurodov
Sport
−
07 mart
3882O‘zbekiston terma jamoasi va “Roma” klubi hujumchisi Eldor Shomurodov “Atletik”ka qarshi o‘yindagi g‘alabadan xursand bo‘lishga erta ekanini va javob o‘yiniga e’tibor qaratilishi kerakligini aytdi. Bu haqda u “Roma” - “Atletik” o‘yinidan keyingi tezkor intervyuda so‘z ochdi.
“Eng muhimi biz g‘alaba qozondik. Bugun gol urganimdan xusandman. Lekin hali xursand bo‘lishga erta, sababi oldinda javob o‘yini bor. Biz bir oila bo‘lib harakat qilamiz. Har bir futbolchi o‘zini klubning muhim a’zosi sifatida his qilishi kerak. Ishonch bo‘lsa, natija ham yomon bo‘lmaydi”, deydi Shomurodov.
Shuningdek, hujumchi javob o‘yiniga tayyorgarlik haqida ham gapirdi.
“Biz ertadan boshlab keyingi o‘yinlarga tayyorgarlik ko‘rishiz kerak. Yakshanba kuni “Empoli”ga qarshi bahs bor, keyin esa Ispaniyada javob o‘yini. “Atletik”ka qarshi mehmonda harakat qilish oson bo‘lmaydi. Biz esa g‘alaba uchun maydonga tushamiz”, deydi hujumchi.
Ma’lumot o‘rnida, “Atletik” - “Roma” o‘rtasidagi javob o‘yini 13 mart kuni Bilbaodagi “San-Mames” stadionida bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, 7 martga o‘tar kechasi Yevropa ligasi 1/8 final bosqichi ilk o‘yinida “Roma” o‘z uyida “Atletik”ni qabul qilib, 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. Ushbu bahsda zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan o‘zbekistonlik hujumchi Eldor Shomurodov gol urib, jamoasiga g‘alaba taqdim etdi.