XTV o‘zi yo‘q formaga milliardlar ajratgan Toshkent hokimligiga minnatdorlik bildirdi
Jamiyat
−
29 iyul 2022
16336Avvalroq, Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov "o‘qituvchilar uchun ham yagona forma joriy etilayotganligi haqida hech qanday asosga ega bo‘lmagan ma’lumotlar tarqayotgani, vazirlik tomonidan o‘qituvchilar uchun bunday talab joriy etilmagani, bu oddiy “feyk” xabar ekanligini" aytib o‘tgandi. Biroq, Toshkent shahar hokimining ikkita qaroriga asosan umumta’lim maktablari o‘qituvchilarining formalari uchun umumiy hisobda 15 mlrd 700 million so‘m miqdorida mablag‘ ajratildi.
Shu o‘rinda ko‘pchilikda savol to‘g‘ilgani tabiiy: o‘zi yo‘q forma uchun ajratilgan milliardlab pul qayerga ketdi? Boringki, Saidov adashgan taqdirda ham, o‘qituvchi uchun bitta forma o‘rtacha 1 mln 47 ming so‘mга tushmasa kerak. Axir O‘zbekistonda buncha pul o‘rtacha olib qaralganda bir kishining 15 kunlik ish haqqi yoki bir nechta oilaning davlatga to‘lagan solig‘i miqdori bilan teng-ku!?
Xullas mana shunday savollar qiynayotgan bir vaqtda Xalq ta’lim vazirligi Toshkent shahar hokimligiga g‘amxo‘rligi uchun minnatdorlik bildirib qo‘ya qoldi. Bundan tashqari, boshqa hudud hokimlarini ham mana shunday g‘amxo‘rlik qilishga chaqirdi.
“Toshkent shahar hokimligining pul ajratganligiga izoh sifatida Xalq ta’limi vazirligi poytaxt maktablari o‘qituvchilarning ijtimoiy himoyasi yo‘lidagi mazkur tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini hamda bu g‘amxo‘rlikdan minnatdorligini bildirib o‘tadi. Boshqa hudud hokimlarini ham o‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlashda faollikka chaqirib qoladi”, deyiladi xabarda.
Vazirlikni qo‘shimcha qilishicha, maktab o‘qituvchilari uchun mamlakat miqyosida belgilangan va tasdiqlangan yagona majburiy forma turi mavjud emas.
Xalq ta’limi vazirligining 2020 yil 28 maydagi “Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining ichki tartib va odob-axloq qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida” 131-sonli buyrug‘iga asosan, tizim xodimlarning ichki tartib va odob-axloq qoidalari belgilangan. Unga ko‘ra, o‘qituvchilar maktab darajasida belgilangan dress-kod talablariga rioya qilishlari zarur.
“Aytish joizki o‘qituvchi jamiyatning ziyoli va ma’rifat ulashuvchi a’zosi sifatida nafaqat ilmi va axloqi, balki kiyinish madaniyati bilan ham yoshlarga o‘rnak bo‘lishi maqsadga muvofiq. Ya’ni o‘qituvchilarning o‘z kasbiga xos bo‘lgan kiyimda bo‘lishi, albatta, o‘quvchilarda o‘z ustozi shaxsiyati va kasbiga bo‘lgan hurmatining yanada oshishiga sabab bo‘ladi”, deyiladi xabarda.
LiveBarchasi