Fanlar Akademiyasi Botanika bog‘ini hokimlikka bermoqchi emas
Jamiyat
−
07 Oktabr 2023
4771Toshkent shahridagi Botanika bog‘ining “Istirohat bog‘lari faoliyati va boshqaruv tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida"gi hukumat qarori asosida Fanlar akademiyasi tasarrufidan Toshkent shahar hokimligiga o‘tkazilayotgani haqidagi xabarga O‘zbekiston Fanlar akademiyasi rasmiy munosabat bildirdi.
Unga ko‘ra, Fanlar akademiyasi Botanika bog‘ining shahar hokimligi tasarrufiga o‘tkazilishiga qarshi. Ushbu norozilikni bildirish uchun akademiya qaror loyihasi kelib tushgan kunning o‘zidayoq Davlat aktivlarini boshqarish agentligining mas’ul ijrochisi bilan bog‘langan va Botanika bog‘ini qaror loyihasidagi ro‘yxatdan chiqarib tashlanish lozimligini aytgan. Yuqori turuvchi organlar esa og‘zaki tarzda xabardor qilingan.
“Fanlar akademiyasining mutaxassislari tomonidan asosnoma tayyorlanib, o‘rnatilgan tartibga binoan belgilangan muddatdan chiqib ketmagan holda, project.gov.uz tizimi orqali Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasining 1-ilovasi 193-tartib raqam bilan kelgan Botanika bog‘ini ro‘yxatdan chiqarib tashlash qat’iy talab qilindi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, Fanlar Akademiyasi o‘rnatilgan tartibga binoan qaror loyihasi idoralararo kelishuv tarzida amalga oshirilishini eslatib o‘tgan.
Bundan tashqari, Akademiya “Akademik F. Rusanov nomidagi Botanika bog‘i faoliyatini takomillashtirish, shu jumladan, ilmiy salohiyatini kuchaytirish, moddiy-texnik bazasini yaxshilash, hududlarda ularning tajribasini qo‘llash va filiallarini tashkil etish” bo‘yicha Hukumat qarori loyihasini ishlab chiqdi.
“Mazkur qarorning qabul qilinishi Botanika bog‘ining imkoniyatlaridan keng foydalangan holda respublikada bioxilma-xillik sohasini ilmiy jihatdan o‘rganish tizimini takomillashtiradi va Botanika bog‘ining boshqa vazirlik va idoralarga o‘tkazilish imkoniyatini cheklaydi”, deyiladi munosabatda.
Eslatib o‘tamiz, bu qaror o‘z navbatida, jamoatchilik va Ekopartiya noroziligiga sabab bo‘ldi. Jumladan, Rasul Kusherbayev o‘z Telegram-kanalida hukumatning ushbu qaroriga munosabat bildirgandi.
LiveBarchasi