Toshkentda yana “qirg‘in”. Daraxtlar qani?
Jamiyat
−
05 aprel
4015Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda yana daraxtlarga qarshi tozalash ishlari boshlangani haqida xavotirli xabarlar tarqaldi. QALAMPIR.UZ holatga aniqlik kiritish maqsadida Olmazor tumanidagi Hazrati Imom dahasi Qorasaroy ko‘chasiga yetib keldi.
Daraxtlar ayni damda qurilish ishlari ketayotgan “Islom sivilizatsiyasi markazi” oldida kesilmoqda. Aytishlaricha, bu yerga bir necha qavatlik tunnel o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu holat bir sutkadan beri ijtimoiy tarmoqda aylanar ekan, saylovdan oldin qop-qop va’da bergan tuman-shahar kengashi deputatlaridan biror sado chiqmadi. Nima, do‘ppi tor kelganda va’dalar unutiladimi? Vaziyatga mas’ul hisoblangan na Qurilish vazirligi, na Ekologiya vazirligi munosabat berib chiqdi. Holat bo‘yicha jamoatchilik fikri o‘rganilganmi, yo‘qmi bu ham qorong‘i. Bugun bu yerda daraxtlar kesilayotgan bo‘lsa, bundan bir necha yillar avval “Islom sivilizatsiyasi markazi” qurilishi uchun hududdagi 241 ta xonadon buzilishga tushgandi.
Biz haqiqatdan ham yo‘l chetlari bo‘ylab o‘sgan ko‘plab daraxtlar kesilib, ildizi bilan olib ketilganining guvohi bo‘ldik. Og‘ochlar ko‘chirilib boshqa joyga ekiladimi yoki shu bilan ularning hayoti bittimi? Bu savol ko‘plab toshkentliklarni qiynamoqda.
Daraxtlarning o‘rni hali sovimagan, aholining aytishicha, bu ishlar yaqin bir necha kun ichida sodir bo‘lgan. O‘z shaxsini ochiqlashni istamagan fuqaroga ko‘ra, bunga norozilik bildirganlarga mutasaddilar aholi ko‘chaga xo‘jayin emasligini, uyidan tashqarida bo‘layotgan ishlarga aralashmasliklarini aytishgan va daraxtlar ko‘chirilib, boshqa yerga o‘tkazilishi ma’lum qilingan.
“Qonun-qoidasi bo‘yicha kimdir so‘rashi kerak, lekin so‘rab o‘tirishmagan”, deydi yana bir fuqaro.
Yana bir aholi vakilining ma’lum qilishicha, daraxtlar 10 yoshlar atrofida bo‘lgan va fuqarolarning o‘zi tomonidan ekilgan daraxtlar hech qanday ruxsat va ogohlantirishsiz kesib ketilgan.
“7-8 yillik archalar bor edi, o‘zimiz ekkan edik. Kerak ekan, olishdi, hech nima qilolmadik”, deydi fuqaro.
Yo‘limizdan chiqqan bir otaxon esa, hokimlikning befarqligini tanqid qilib, shahar bedarvoza bo‘lib qolganidan kuyindi.
“Xohlagan ishini qiladi, daraxtlarni kesishyapti. Shaharni bedarvoza derdi, shaharning darvozasi qolmadi. Kim nimani xohlasa, o‘shani qilyapti. Hokimlar qaramayapti. Ariqlar to‘lib oqardi bir vaqtlar”, dedi u.
Holatga aniqlik kiritish maqsadida biz Ekologiya vazirligi va Toshkent shahar hokimligiga bog‘lanishga urindik. Vazirlik bizning qo‘ng‘iroqlarimizga javob bermagan bo‘lsa, hokimlik odatda daraxtlarni ko‘chirish Toshkent “Botanika bog‘i” dendrologlarining ilmiy xulosasi asosida Ekologiya vazirligi organlari bilan kelishilgan holda amalga oshirilishini bildirdi.
“Tartibi bo‘yicha, “Botanika bog‘i”ning dendrologi keladi, misol uchun bu daraxt sog‘lom, saqlab qolish, ko‘chirish kerak falon joyga, suv bo‘yida qo‘shimcha 3 yil parvarish talab qiladi deydi. Boshqasini ko‘chirsa, ko‘chirmasa yashamaydi deydi. Keyin Ekologiya vazirligiga ilmiy xulosa beradi, shu bilan kesish yoki ko‘chirishga ruxsat beriladi. Menimcha, bu ishlar xulosasiz qilinmagan”, deydi Toshkent shahri hokimining matbuot kotibi Gulnoza Qosimova.
Xo‘sh, agar ildizi bilan qo‘porilgan daraxtlar boshqa hududga olib borib ekiladigan bo‘lsa, bu qayerda? To‘siqlar ortiga yashirilgan o‘nlab tanasi kesilgan to‘nkalar-chi, ularga kim javob beradi, ushbu savollarimiz ochiq qolmoqda.
LiveBarchasi
Toshkentda podstansiya yonib ketdi.
11 aprel
Trenddagilar



