Toshkentdagi maktablarda kechasi daraxtlar kesib ketildimi?

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining Shayxontohur tumanidagi 42- hamda Yakkasaroy tumanidagi 48-sonli umumta’lim maktablari hududida kechasi maxsus texnika bilan ishchilar daraxtlarni kesayotgani haqida xabarlar tarqalgandi. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, ayni paytda ta’lim muassasalari hududida qo‘shimcha o‘quv binolari barpo etilmoqda. Shu munosabat bilan, Toshkent shahar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasidan taqdim etilgan xulosaga ko‘ra, Shayxontohur tumanidagi 42-maktab hududidagi 38 tup daraxt, 28-maktab hududida 47 tup daraxt kesilmasdan va hech qanday zarar yetkazilmasdan boshqa joyga ko‘chirilayotgan bo‘lgan.

“Ijtimoiy tarmoqlarda maktab hududidagi daraxtlar kesib tashlandi, degan har xil gap-so‘zlar asossiz. Aslida daraxtlar tag qismidan kesilmaydi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 22 avgustdagi 464-sonli Qaroriga asosan barcha agrotexnik qoidalarga rioya qilgan holatda daraxtlar boshqa joyga ko‘chiriladi. Afsuski, bu holat ijtimoiy tarmoq faollari tomonidan noto‘g‘ri talqin qilinayotganligini ma’lum qilamiz”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq sobiq Davlat xavfsizlik xizmati binosi o‘rnida mehmonxona qurilayotgani va qurilish maydonida ko‘p yillik daraxtlar kesilib, o‘ralgan holda olib chiqib ketilayotganligi haqida xabar berilgandi. Shundan so‘ng, Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi vaziyatga aniqlik kiritib, 26 ta eman daraxti belgilangan tartibda boshqa hududga ko‘chirib o‘tqazilayotganini ma’lum qilgan. Ammo birozdan so‘ng, mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda. Bosh prokuratura jinoyat ishini alohida nazoratga olganini ma’lum qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent maktab daraxtlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing