Rossiyalik urbanist Keles yo‘li bo‘yicha “olamshumul g‘oya”ni yer bilan bir qildi
Olam
−
12 yanvar 2023
26993Rossiyalik taniqli shaharsoz Arkadiy Gershman Toshkent shahar hokimligining Keles yo‘lini ta’mirlash loyihasini keskin tanqid qildi.
Uning fikricha, avtobuslar jamoat transporti uchun ajratilgan yo‘l qismidan burilishi kerak. Shu sababli oxirgi daqiqalardagina mashinalar oqimiga qo‘shilishiga to‘g‘ri keladi. Umuman, belgilarni o‘rnatish va A-razmetkalarni o‘rnatish bilan vaziyat yaxshi bo‘lib qolmaydi.
“Bunda yerni o‘zlashtirish kerak bo‘ladi. Zero, ko‘cha bo‘yidagi mavjud daraxtlar o‘rnini asfalt-beton egallaydi. Manzarali o‘simliklar soya bermaydi, bu esa Toshkent iqlimi sharoitida juda zarur. Piyoda va velosipedchilarning rasmlariga esa odamning kulgisi keladi, chunki aqli raso odam soya bo‘lmasa yurmaydi. Aksiga olib, kelajakda bu yerda daraxat ekib bo‘lmaydi, boisi kommunikatsiya tarmoqlari trotuar ostidan o‘tkaziladi, qo‘riqlanadigan hududda esa daraxt ekishga ruxsat berilmaydi. Bundan tashqari, ariqlarga ham yuklama oshadi, chunki suv asfalt va beton orqali sizib o‘tolmaydi”, degan u.
Shuningdek, shaharsoz Keles yo‘lining hamma joyidan stop-liniyalar o‘tgani, buning oqibatida esa svetoforning har bir fazasini uzaytirish talab etilishini tanqid ostiga olgan.
Gershmanning ta’kidlashicha, buning oqibatida mashinalar uzoq masofani bosib o‘tishga, hamma yashil chiroqni ko‘proq kutishga majbur bo‘ladi. Bu esa yo‘lning o‘tkazish qobiliyatini pasaytiradi.
Shuningdek, urbanist bu yo‘lda xavfsizlik orolchalari haqida umuman o‘ylanmaganini aytgan.
“Yangi polosalar ham keraksiz joyda paydo bo‘lib qolgan. Balki loyihachilarning asosiy maqsadi yo‘lni ta’mirlashga ko‘proq pul olish bo‘lgandir. O‘ylab ko‘ring, svetoforning bir fazasida ko‘chada 3 qator mashina, ikkinchi fazada ikki qator mashina yurayotgan bo‘lsa, svetofordan so‘ng 5 polosa qilish kerakmi? Albatta, yo‘q, chunki o‘sha vaqtda uchta polosada trafik bo‘ladi. Bu faqatgina bitta misol”, degan u.
Arkadiy Gershman bu loyiha “mashinalar uchun yo‘lni kengaytirishni qandaydir zamonaviy narsa bilan ko‘zni shamg‘alat qilishga urinish” deb baholadi.
“Avtobus va piyodalar ustuvorligi tilga olingani shunchaki ertakdir. Vaholanki, markazdan tezyurar avtobus uchun koridor qo‘yish, daraxt ekish hamda yo‘lni hamma uchun qulay va xavfsiz qilish mumkin edi. Ammo Toshkent hokimiyati bunga tayyor emasga o‘xshaydi”, deya o‘z fikrlarini yakunlagan Gershman.
Ma’lumot uchun, 2022 yilning fevral oyida Toshkent shahar hokimligi transport infratuzilmasini takomillashtirish, piyodalarning xavfsiz harakatlanishiga sharoit yaratish maqsadida, shuningdek, aholidan kelib tushayotgan murojaat va takliflarga asosan, Olmazor tumanida joylashgan Keles yo‘li ko‘chasini to‘liq ta’mirlash loyihasi ishlab chiqqan edi. O‘shanda hokimiyat mazkur ta’mirlash ishlari Toshkent shahar mahalliy byudjetining qo‘shimcha daromadlari hisobidan amalga oshirilishini aytgan.
LiveBarchasi