Xotinini o‘ldirganlikda gumonlanayotgan sobiq vazir umrbodga qamalishi mumkin

Olam

image

Avvalroq Qozog‘iston Respublikasining sobiq Milliy iqtisodiyot vaziri Kuandik Bishimbayev o‘z rafiqasini o‘ldirishda gumonlanib hibsga olingani haqida xabar bergan edikSobiq vazir umrbod qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin. Bu haqda “Tengrinews” xabar berdi.

“Kuandik Bishimbayevga nisbatan o‘ta shafqatsizlik bilan sodir etilgan qotillik moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Uning qarindoshi ham ushbu jinoyatni yashirgani va jinoyat haqida militsiyaga xabar bermagani uchun ushlanib, vaqtinchalik saqlash izolyatoriga joylashtirildi”, deydi Qozog‘iston Bosh prokurori o‘rinbosari Jandos Umiraliyev.

Ushbu voqea ortidan joriy yilning 14 noyabr kuni qotillik sodir etilgan joy – “Gastromarkaz” direktori ham ikki oyga hibsga olingandi. Ushbu markaz rahbari sobiq vazirning qarindoshi.

Jandos Umiraliyevning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha kuni u Bishimbayev bilan birga bo‘lgan va og‘ir jinoyat sodir etilgani haqida militsiyaga xabar bermagan. Qolaversa, bu jinoyatni yashirishga yordam bergan.

“Orda.kz” nashrining yozishicha, o‘ldirilgan ayol Saltanat Nukenova bo‘lib, u Kuandik Bishimbayevning ikkinchi xotini bo‘lgan.

Avvalroq Ostona politsiyasi Saltanat Nukenovaning o‘ldirilishi bo‘yicha Qozog‘iston Respublikasi Jinoyat kodeksining 99-moddasi 1-qismi (Qotillik) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgani haqida xabar bergan edi.

Ammo hozirda Bishimbayev Jinoyat kodeksining 99-moddasi 2-qismi 5-bandi (O‘ta shafqatsizlik bilan sodir etilgan qotillik) bo‘yicha tergov qilinmoqda. Ushbu moddada mol-mulki musodara qilingan yoki musodara qilinmagan holda 15 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilgan.

Ma’lumot uchun, 43 yoshli Kuandik Bishimbayev turli vaqtlarda Prezident yordamchisi, Sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari, Savdo va iqtisodiy rivojlanish vaziri o‘rinbosari, “Samruk-Kazina” jamg‘armasi raisi o‘rinbosari, “Bayterek” xoldingi boshqaruvi raisi bo‘lgan.

2016 yilning mayidan dekabrigacha Qozog‘iston Milliy iqtisodiyot vaziri bo‘lgan. 2017 yilning yanvarida u o‘g‘irlikda ayblanib hibsga olingan, 2018 yil mart oyida esa 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Keyinchalik uning jazo muddati ikki baravarga qisqartirilgan va 2019 yilning oktyabrida Bishimbayev ozodlikka chiqqan.


Maqola muallifi

Teglar

Kuandik Bishimbaev Saltanat Nukenova

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing