Bishimbayev koloniyada yo‘qligi haqida xabar tarqaldi
Olam
−
11 noyabr
11716Rafiqasining vahshiylarcha o‘ldirilishida aybdor deb topilib, 24 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan Qozog‘istonning sobiq milliy iqtisodiyot vaziri Kuandik Bishimbayevning jazoni o‘ziga tayinlangan joyda o‘tamayotgani, balki butunlay qochib ketgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu haqda mamlakatning Jinoiy jazolarni ijro etish tizimi qo‘mitasi munosabat bildirdi.
Sobiq vazirning “g‘oyib bo‘lishi” haqida AIRAN jurnalistlari xabar bergandi. Ular suddan so‘ng Bishimbayev Arshali qishlog‘i yaqinidagi koloniyaga jo‘natilishi kerak bo‘lganini aytgan. Telekanalning suratga olish guruhi koloniyada hukm qilingan shaxs borligini tekshirishga borgan, ammo uni topa olmagan.
Shu zahoti ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuv ko‘tarilib, sobiq amaldor go‘yo uzoq vaqt ozodlikda, eng yomoni esa – ayni paytda xorijdaligi haqida taxminlar paydo bo‘lgan. Biroq jazoni ijro etish xizmati Bishimbayevning qochgani haqidagi ma’lumotni darhol inkor etgan.
“Ijtimoiy tarmoqlarda mahkum Bishimbayevning qochib ketgani haqida yolg‘on ma’lumotlar tarqalmoqda. Bu ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Mahkum jazoni maksimal xavfsizlik darajasidagi muassasada o‘tamoqda”, deyiladi munosabatda.
Huquq himoyachisi Baurjan Musin esa mahkum Stepnogorsk shahridagi 5-sonli muassasada, to‘rtinchi otryadda jazo o‘tayotganini ma’lum qilgan.
“Mamlakatimizda jazoni o‘tash joyi ham binolarning bandlik darajasiga qarab tanlanadi. Odam qayerda o‘tirishi faqat qarindoshlariga aytiladi. Jazoni ijro etish xizmati bu haqda jamoatchilikni xabardor qilishga majbur emas”, degan Musin.
Bishimbayevning koloniyadan qochib ketgani haqida yolg‘on ma’lumotlar tarqatilgani bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 13 may kuni Ostona sudi mamlakatning sobiq Milliy iqtisodiyot vaziri Kuandik Bishimbayevni 24 yilga ozodlikdan mahrum qildi. U o‘ta shafqatsizlarcha qotillik sodir etganlikda, shuningdek, turmush o‘rtog‘i Saltanat Nukenovani qiynoqqa solganlikda aybdor deb topildi. Bishimbayevning xatti-harakatlari xavfli retsidiv sifatida malakalandi. Hukm kuchga kirsa, sobiq vazir jazo muddatining kamida 16 yilini o‘tab, faqat 2040 yildan keyingina shartli ravishda ozodlikka chiqarilishi mumkin.
Uning qarindoshi Baxitjan Bayjanov esa o‘ta og‘ir jinoyatni yashirganlikda aybdor deb topilib, to‘rt yilga ozodlikdan mahrum etildi.
Kuandik Bishimbayev o‘z murojaatida qilmishlarini ehtiyotsizlik oqibatida o‘limga olib kelgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish sifatida qayta tasniflashni, ish bo‘yicha ikkinchi sudlanuvchi Baxitjon Bayjanov esa o‘z harakatlarida jinoyat tarkibi yo‘qligi sababli oqlashni so‘ragan.
LiveBarchasi