Xotinini o‘ldirganlikda gumonlanayotgan sobiq vazir hibsga olindi

Olam

image

Avvalroq Qozog‘iston Respublikasining sobiq Milliy iqtisodiyot vaziri Kuandik Bishimbayev o‘z rafiqasini o‘ldirishda gumonlanib hibsga olingani haqida xabar bergan edik. Ostona shahar sudi axborot xizmatining ma’lum qilishicha Bishimbayev ikki oyga qamalgan

Qayd etilishicha, kecha, 11 noyabr kuni Ostona shahar ixtisoslashtirilgan tumanlararo tergov sudi politsiyaga gumonlanuvchi Kuandik Bishimbayevga nisbatan ikki oy muddatga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llashga ruxsat bergan. 

Ostona politsiya boshqarmasi ish yuzasidan boshqa hech qanday ma’lumotni ochiqlamagan.

“Qozog‘iston Respublikasi Jinoyat-prosessual kodeksining 201-moddasi “sudgacha bo‘lgan tergov ma’lumotlarini oshkor qilishga yo‘l qo‘yilmasligi”ga muvofiq, ushbu jinoiy ish bo‘yicha boshqa ma’lumotlarni taqdim etishning iloji yo‘q”, deyiladi xabarda.

Gap shundaki, joriy yilning 9 noyabr kuni bir qator mahalliy OAVda Ostona shahridagi restoranlardan birida ayol kaltaklanib, tez yordam kelguniga qadar vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. “Orda.kz” nashrining yozishicha, o‘ldirilgan ayol Saltanat Nukenova bo‘lib, u sobiq vazir Kuandik Bishimbayevning ikkinchi xotini bo‘lgan.

“Mutaxassislar tomonidan tekshirilganda, marhuma Nukenovaning tanasida pichoq jarohatlari izlari topilmadi. Faqat tananing yumshoq to‘qimalarining gematomalari, shuningdek, bosh sohasida jarohatlar aniqlandi. Taxminlarga ko‘ra, boshiga to‘mtoq buyum bilan berilgan kuchli zarba uning o‘limiga olib kelgan”, deb yozadi “Orda.kz” o‘z ismini aytishni istamagan ostonalik sud-tibbiyot ekspertiga tayanib.

Ma’lumot uchun, 43 yoshli Kuandik Bishimbayev turli vaqtlarda Prezident yordamchisi, Sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari, Savdo va iqtisodiy rivojlanish vaziri o‘rinbosari, “Samruk-Kazina” jamg‘armasi raisi o‘rinbosari, “Bayterek” xoldingi boshqaruvi raisi bo‘lgan.

2016 yilning mayidan dekabrigacha Qozog‘iston Milliy iqtisodiyot vaziri bo‘lgan. 2017 yilning yanvarida u o‘g‘irlikda ayblanib hibsga olingan, 2018 yil mart oyida esa 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Keyinchalik uning jazo muddati ikki baravarga qisqartirilgan va 2019 yilning oktyabrida Bishimbayev ozodlikka chiqqan.


Maqola muallifi

Teglar

qotillik Qozog'iston Ostona Kuandik Bishimbaev sobiq vazir gumonlanayotgan Saltanat Nukenova

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing