Xorvatiya 18 nafar rossiyalik diplomatni haydadi
Olam
−
11 aprel 2022
4153Xorvatiya Rossiya elchixonasining 18 nafar diplomati va 6 nafar ma’muriy xodimini mamlakatdan chiqarib yuborishini e’lon qildi. Bu haqda RBK xabar berdi.
Xorvatiya Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkorligini va boshqa ko‘plab jinoyatlarini qattiq qoralagan. Shuningdek, Moskvani harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish, qo‘shinlarni Ukraina hududidan olib chiqib ketish, aholini zudlik bilan evakuatsiya qilish va gumanitar yordam yetkazilishini ta’minlashga chaqirgan.
Rossiyaning Xorvatiyadagi elchixonasi mamlakat TIV xodimlarining ayrimlarini chetlashtirishni talab qilganini tasdiqladi.
“Biz elchining (Andrey Nesterenko) TIVga chaqirilganini va bir qancha rossiyalik diplomatlarni mamlakatdan olib chiqish talabi bilan nota olganini tasdiqlaymiz”, degan diplomatik missiya RIA Novostiga.
Ma’lumot uchun, 2022 yil boshidan buyon xorijiy davlatlar 400 dan ortiq turli darajadagi rossiyalik diplomatik xodimlar chiqarib yuborilganini e’lon qildi. Uch oydan sal ko‘proq vaqt ichida davlatlar so‘nggi 17 yildagi jami ko‘rsatkichdan ko‘proq rossiyalik diplomatlarni chiqarib yubordi. Xususan, 2004 yildan 2021 yilgacha 364 kishi xorijiy davlatlardan chiqarib yuborilgan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi