Xorijdagi talabalarni ish beruvchilar bilan bog‘lovchi platforma ishga tushiriladi
Jamiyat
−
30 iyun 1536 1 daqiqa
Xorijning nufuzli oliygohlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalarni mahalliy ish beruvchilar bilan bog‘laydigan raqamli muloqot platformasi bir oy ichida ishga tushiriladi. Bu haqda bugun, 30 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, hozirda 14 mingdan ortiq o‘zbekistonlik yigit-qiz AQSH, Yevropa, Yaponiya, Xitoy va Janubiy Koreyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olmoqda.
Yangi platforma orqali xorijda o‘qiyotgan talabalar ta’til davrida O‘zbekistondagi vazirliklar, hokimliklar, davlat tashkilotlari hamda xususiy kompaniyalarda amaliyot va stajirovka o‘tash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Shuningdek, Prezident “El-yurt umidi” jamg‘armasi hisobidan har yili qariyb 700 nafar iqtidorli yosh dunyoning eng nufuzli oliygohlariga o‘qishga yuborilayotganini qayd etgan.
“Biz islohotlarimizning ilk bosqichida iqtidorli yoshlarimizni asosan davlat tashkilotlarida ishlab berish sharti bilan chet elda o‘qishga yubordik. Xususiy sektorda ham bunday kadrlarga ehtiyoj kundan-kunga ortib bormoqda. Endi yoshlarimiz xususiy sektor buyurtmasi asosida ham “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali nufuzli xorijiy oliygohlarda o‘qishi mumkin bo‘ladi”, deydi Prezident Shavkat Mirziyoyev.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda yoshlarga maxsus ball beriladigan “O‘zbekiston yoshlar ligasi” platformasi ishga tushirilishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi