Xorazmda maktab hududida to‘y korteji uyushtirganlar jazolandi
3-sahifa
−
12 noyabr
5154Xorazm viloyatidagi maktab hududida avtomobilda guruh bo‘lib harakatlangan haydovchilar jazolandi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur holat Hazorasp tumani 26-umumta’lim maktabi qarshisida sodir bo‘lgan. Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi mas’ul xodimlari tomonidan surishtiruv o‘tkazilib, ushbu to‘y marosimlarida qatnashgan barcha transport vositalari va ularning haydovchilari shaxsiga oydinlik kiritilgan.
Belgilangan tartibda yo‘l harakati qoidalarini chetlab o‘tgan ushbu haydovchilarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-5 (Transport vositalari haydovchilarining xalaqit berishi yoki avariya holatini yuzaga keltirishi, yo‘lning qarama-qarshi harakatlanish uchun mo‘ljallangan tomoniga yoki bo‘lagiga chiqishi) moddasi 2-qismiga ko‘ra, ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan. Transport vositalari vaqtincha ushlab turishi uchun jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
Bundan tashqari, avtomashinadan tanasini chiqarib harakatlangan yo‘lovchilar ham ma’lum bo‘lgan. Ularga nisbatan hududiy profilaktika inspektorlari tomonidan surishtiruv o‘tkazilib, belgilangan tartibda qonuniy chora ko‘rilishi belgilanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoro viloyatida to‘y kortejini tashkillashtirgan 9 ta avtomobil haydovchilari javobgarlikka tortilgandi. Surishtiruv davomida ushbu kortejga boshchilik qilgan haydovchi avval ham xuddi shu turdagi huquqbuzarlik uchun javobgarlikka tortilgani ma’lum bo‘lgan. Holat yuzasidan haydovchilarga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, ular boshqaruvida bo‘lgan transport vositalari jarima maydonchasiga joylashtirilgan.