Xorazmda 3,4 mlrd so‘mlik gazni o‘g‘irlagan metan “zapravka” aniqlandi
3-sahifa
−
15 may
3894Xorazmda 3 milliard 48 million so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangan avtomobillarga gaz to‘ldirish shaxobchasi aniqlandi. Bu haqda Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, “O‘zenergoinspeksiya” Xorazm viloyat hududiy boshqarmasi, viloyat prokuratura va IIB hamkorligida o‘tkazilgan nazorat tadbirida Yangibozor tumanida joylashgan “F. G.” MCHJga qarashli avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shaxobchasi tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelayotgani aniqlangan.
Ushbu shaxobchada gaz hisoblash uskunasining konfiguratsiyasiga tashqi ta’sir ko‘rsatilgani ma’lum bo‘lgan. Ushbu qoidabuzarlik oqibatida dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra gaz ta’minoti korxonasiga 3 milliard 48 million so‘mlik zarar yetkazgani aniqlangan.
Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “O‘zenergoinspeksiya” Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi, viloyat prokuraturasi va gaz ta’minoti korxonasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan nazorat tadbirida Navbahor tumanida joylashgan “S. A. S.” MCHJga qarashli avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasi 26 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani aniqlangandi.
LiveBarchasi