“Xorazm guruchi” patentlandi
Jamiyat
−
30 iyul 1406 1 daqiqa
Adliya vazirligida “Xorazm guruchi” geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Xorazm vohasida yetishtiriladigan guruch o‘zining yuqori sifati, xushbo‘yligi va pishirish xususiyatlari bilan ajralib turadi. Uning o‘ziga xosligi Amudaryo suvlari, unumdor tuproqlar, qulay iqlim sharoiti hamda avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan an’anaviy yetishtirish tajribasi bilan bog‘liq.
“Xorazm guruchi”ning geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi mahsulot nomining huquqiy muhofazasini ta’minlaydi, uning kelib chiqishi va sifatini himoya qiladi, shuningdek, mazkur nomdan noqonuniy foydalanishning oldini olishga xizmat qiladi.
Shuningdek, mazkur qaror iste’molchilar uchun mahsulotning haqiqiyligini kafolatlash, Xorazm viloyatining qishloq xo‘jaligi salohiyatini oshirish, milliy brendni rivojlantirish hamda mahsulotni ichki va tashqi bozorlarda keng targ‘ib etishga xizmat qilishi qayd etilgan.
Ma’lumot uchun, geografik ko‘rsatkich – mahsulotning ma’lum bir hududga mansubligini hamda uning sifati, shuhrati va o‘ziga xos xususiyatlari aynan shu hududning tabiiy-iqlimiy va ijtimoiy-madaniy omillari bilan chambarchas bog‘liqligini tasdiqlovchi intellektual mulk ob’ekti.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatiga xos bo‘lgan “Qo‘qon patiri” geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan edi.