Xon, xoqon, sulton... Fuqaroga poygakdan joy bergan Andijon hokimi internet “yulduziga” aylandi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon tumani hokimi Abdujabbor Egamberdiyevning fuqarolarni qabul qilish vaqtida olingan surat keskin tanqidlarga sabab bo‘lyapti. Gap shundaki, hokim o‘zi ayvonchaning to‘riga chiqib o‘tirgani holda, fuqarolarga poygakdan joy berilgan. Hokim qabuliga kelgan boshqa fuqarolar esa tik oyoqda navbat kutyapti.

Holat aks etgan suratlar tarqalishi bilan tarmoq foydalanuvchilari Abdujabbor Egamberdiyevga hokim emas, xon degan ta’riflarni berib, uni “Shaytanat” serialidagi Asadbek obraziga o‘xshatdi. Shuningdek, hokimbuva hoqon, Amir Olimxon, Sulton Sulaymonga ham o‘xshatilgan.

Andijon tumani hokimligi Matbuot xizmati mazkur bahslarga munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, poygakda o‘tirgandagi surati tarqalgan fuqaro qo‘shni tumandan S.Qodirov bo‘lib, tuman hokimiga minnatdorlik bildirish uchun kelgan. Sababi, ushbu fuqaroga takroriy ekin ekish uchun Cho‘lpon massivi “Shokirjon” fermer xo‘jaligidan belgilangan tartibda ekin yeri ajratib berilgan. 

“Mazkur ajratilgan yerdan unumli foydalangan fuqaro tuman hokimi sayyor qabuliga amalga oshirilayotgan islohotlardan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga berilayotgan imkoniyatlardan minnatdor ekanligini yetkazish uchun kelgani aniqlandi. Tuman hokimligi matbuot xizmati xodimlari ushbu fuqaro bilan muloqot qilganda tuman hokimidan minnatdor ekanligi va yaxshi munosabatda bo‘lganligini bildirdi”, deyiladi hokimlik munosabatida.

Shu bilan birga fuqaro tuman hokimi ijtimoiy masofa saqlaganligi yuzasidan hech qanday e’tirozi yo‘qligini qo‘shimcha qilgan.

Qiziq, kimsan hokimning qabul qilish tarzidan norozi bo‘lishga oddiy fuqaroning haddi sig‘armidi?


Maqola muallifi

Teglar

Andijon hokim

Baholaganlar

1678

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing