Xomanaiyning o‘rnini kim egallashi mumkin?
Olam
−
08:29 7201 5 daqiqa
AQSH va Isroilning qo‘shma zarbalari oqibatida Eron Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy halok bo‘lganidan so‘ng, mamlakatda amaldagi rejim uning o‘rniga voris topish muammosiga duch kelmoqda. CNN ekspertlar va tahlilchilarga tayanib, ushbu lavozimga asosiy nomzodlarni ko‘rib chiqdi.
Qariyb qirq yil davomida mamlakatni “temir musht” bilan boshqargan tajribali rahbarning rasman e’lon qilingan vorisi yo‘q. Endilikda keyingi rahbarni saylash Ekspertlar Kengashi deb ataladigan 88 nafar yuqori martabali diniy ulamolardan iborat organning vazifasi hisoblanadi.
1979 yilda Islom Respublikasi tashkil etilganidan beri bu vazifa diniy organ tomonidan faqat bir marta – bundan o‘ttiz yil avval Oyatulloh Ruhulloh Xomeyniy vafotidan so‘ng Xomanaiy shoshilinch ravishda saylanganda amalga oshirilgan.
Hukmron doiralar respublikada barqarorlik borligini ko‘rsatish uchun tez harakat qilishga intiladi; Kengash a’zolari Xomanaiyning o‘rinbosarini tayinlashdan oldin ehtimoliy nomzodlarni muhokama qilish uchun tez orada to‘planishi kutilmoqda. Biroq AQSH Prezidenti Donald Tramp rejimga qarshi AQSH-Isroil bombardimonlari davom etishini va’da qilgani sababli, ularning to‘planishi qanchalik xavfsiz ekanligi noma’lum.
Yangi rahbar erkak, siyosiy salohiyatga ega ulamo, ma’naviy nufuzli va Islom Respublikasiga sodiq bo‘lishi kerak. Kengash ijtimoiy erkinliklar va tashqi dunyo bilan aloqalar tarafdori bo‘lgan islohotchi ulamolarni ro‘yxatdan chiqarib tashlashi mumkin.
Mujtabo Xomanaiy, 56 yosh – Xomanaiyning ikkinchi o‘g‘li Mujtabo sahna ortida katta ta’sirga ega ekanligi bilan mashhur. U mamlakatdagi eng qudratli harbiy tuzilma — Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi va “Basij” ko‘ngillilar otryadi bilan mustahkam aloqalarga ega. Biroq shia diniy doiralarida va monarxiyani ag‘dargan inqilobiy Eronda hokimiyatning otadan o‘g‘ilga o‘tishi xush ko‘rilmaydi. Bundan tashqari, Mujtabo yuqori martabali ulamo emas va rejimda rasmiy lavozimga ega emas. 2019 yilda unga nisbatan AQSH sanksiyalari joriy etilgan.

Alirizo Arafiy, 67 yosh – unchalik mashhur bo‘lmagan Arafiy davlat muassasalarida tajribaga ega bo‘lgan taniqli ulamo va Xomanaiyning ishonchli vakili. U hozirda Ekspertlar kengashi raisi o‘rinbosari va saylov nomzodlarini saralaydigan “Posbonlar kengashi” a’zosi. Shuningdek, u Eron diniy madrasalar tizimini boshqaradi. Ekspertlarning fikricha, Xomanaiy unga muhim lavozimlarni ishonib topshirgani uning byurokratik qobiliyatlariga bo‘lgan yuqori ishonchni anglatadi. Ammo u xavfsizlik tizimlari bilan yaqin aloqalarga ega emas.

Muhammad Mahdiy Mirboqiriy, 60 yoshlar atrofida – Mirboqiriy radikallashgan ulamo va Ekspertlar kengashi a’zosi bo‘lib, diniy tizimning eng konservativ qanotini ifodalaydi. Yaqinda u Isroilning G‘azodagi urushida qurbonlar soni ko‘pligini oqlab, “agar bu Xudoga yaqinlashishga xizmat qilsa, dunyo aholisining yarmi o‘lishi ham arziydi”, deb aytgan. U G‘arbga ashaddiy muxolif hisoblanadi.
Hasan Xomeyniy, 50 yoshlar atrofida – Islom Respublikasi asoschisi Oyatulloh Ruhulloh Xomeyniyning nabirasi bo‘lib, bu unga diniy va inqilobiy legitimlik beradi. U Xomeyniy maqbarasi mutavallisidir, biroq davlat lavozimlarida ishlamagan va xavfsizlik tizimlarida ta’siri kam. U o‘z tengdoshlariga qaraganda kamroq radikal qarashlarga egaligi bilan ajralib turadi.

Hoshim Husayniy Bushehriy, 60 yoshlar oxirida – vorislikni boshqaradigan institutlar, ayniqsa Ekspertlar kengashi bilan yaqin aloqada bo‘lgan yuqori martabali ulamo. U Xomanaiyga yaqin bo‘lgan deb aytiladi, ammo mamlakat ichida unchalik tanilmagan va IIQK bilan mustahkam aloqalari yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron davlat televideniyesi Xomanaiy Isroil va AQSH tomonidan o‘ldirilganini xabar qilgan edi. Eronning “Tasnim” axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, u kecha, 28 fevral kuni ertalab o‘z ishxonasida o‘ldirilgan. Oyatullohning vafoti munosabati bilan mamlakat bo‘ylab 40 kunlik umumxalq motami va 7 kunlik umumxalq dam olish kunlari e’lon qilindi.
Shuningdek, Eron hududiga uyushtirilgan hujum chog‘ida Oyatullohning oila a’zolaridan to‘rt kishi – qizi, kuyovi, nabirasi va kelinlaridan biri ham halok bo‘lgan.
AQSH–Isroil–Eron urushi
Kecha, 28 fevral kuni Isroil kutilmagan vaqtda Eronga qarata havodan zarbalar yo‘lladi. Ushbu zarbalar Eronning muhim ob’ektlari – Prezident qarorgohi, davlat idoralari va yadro inshootlariga tekkani iddao qilinmoqda. Eronning “Mehr” axborot agentligi Tehrondagi Eron razvedka binosiga ham hujum qilinganini yozgan. Isroil tomonidan start berilgan operatsiya “Yehuda qalqoni” deb nomlangan. Dastlabki manbalarga ko‘ra, Eronga o‘ttizdan ortiq raketalar yo‘llangan bo‘lishi mumkin.
Oradan biroz vaqt o‘tib Isroil Mudofaa kuchlari Eronga hujumni rasman tasdiqlagan. Shuningdek, Mudofaa vazirligi Isroil fuqarolaridan xavfsiz joyga yashirinishni so‘ragan. Mamlakatda shoshilinch ravishda favqulodda holat e’lon qilingan.
Shu orada AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bo‘yicha operatsiyalar haqida 8 daqiqalik bayonot bergan va unda Eronga qilingan hujumda AQSHning ishtirok etganini tasdiqlagan. Uning qayd etishicha, Eronga qilingan harbiy opreatsiyalar Amerika xalqini himoya qilish uchun amalga oshirilmoqda. U o‘z bayonotida eronliklarni amaldagi tuzumni ag‘darishga chaqirgan. Tramp Eron harbiy xizmatchilariga taslim bo‘lishni va buning evaziga “immunitet” olishni taklif qildi yoki “muqarrar o‘lim”ni tanlashlari mumkinligini aytgan.
Qolaversa, barcha voqealarni bir chetdan kuzatib turgan Eron sobiq valiahd shahzodasi Rizo Pahlaviy ham Eron xalqiga murojaat qilib, mamlakat uchun hal qiluvchi lahzalar kelganini ta’kidlagan. Shuningdek, u bu so‘nggi jang ekanini va unda Eron xalqi Islom Respublikasi tuzumi ustidan g‘alaba qozonishini ta’kidlagan.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay endi Eron Isroil davlati hududiga qarata zarba yo‘llashni boshladi.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham hujumlarni tasdiqlab, bayonot bergan. Unga ko‘ra, Isroil va AQSHning Eronga qarshi qo‘shma operatsiyasi Eron terror rejimi keltirib chiqarayotgan tahdidni bartaraf etishga qaratilgan. Netanyaxu maxsus murojaatida so‘nggi 47 yil davomida Eron rahbariyati Isroil va AQSHga qarshi ochiq tahdidlar qilgan hamda mintaqada zo‘ravonlik siyosatini yuritganini aytgan.
Live
Barchasi