Mujtabo Xomanaiyning besh oy ichidagi ilk videosi tarqaldi (video)
Olam
−
17:01 1541 2 daqiqa
Eronda mamlakat oliy rahbari Mujtabo Xomanaiyning besh oy ichidagi ilk videosi e’lon qilindi. Bu haqda RBK xabar berdi.
Videoda Mujtabo Xomanaiy bir necha kishi qurshovida o‘tirgani aks etgan. Tasvir qachon olingani aniqlashtirilmagan.
Mujtabo Xomanaiy joriy yilning mart oyi boshida, otasi Ali Xomanaiy AQSH va Isroil zarbalari oqibatida halok bo‘lganidan so‘ng Eronning oliy rahbari etib tayinlangan. Uning qarorgohiga berilgan havozarbadan Mujtabo Xomanaiy ham jarohatlangan va shundan keyin jamoatchilik oldida ko‘rinmagan.
Avvalroq, “The Times” nashri Isroilning “Mossad” razvedka xizmati va AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi Mujtabo Xomanaiyni izlayotgani, uning tirik yoki tirik emasligini aniqlashga urinayotgani haqida xabar bergandi.
Joriy yilning may oyida esa “Al Araby” telekanali Eron hukumat yig‘ilishlari koordinatori Mazohir Husayniyga tayanib, Xomanaiyning havozarba oqibatida olgan jarohatlari deyarli bitganini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, portlash to‘lqini oqibatida Mujtabo Xomanaiy tizzasi va belidan jarohat olgan, qulog‘i ortida esa kichik kesik paydo bo‘lgan.
“The New York Times” nashri joriy yilning aprel oyida Xomanaiy qarorgohga berilgan zarbadan so‘ng bir oyog‘idan uch marta operatsiya qilingani va unga protez o‘rnatilishi rejalashtirilayotganini yozgan edi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida Mujtabo Xomanaiy 28 fevraldan beri ilk bor xalqiga murojaat yo‘llagan edi. Unda Islom Respublikasi o‘zining yadro va raketa salohiyatini “milliy boylik” sifatida himoya qilish niyatida ekani ta’kidlangandi.
Live
Barchasi