Isroil va AQSH razvedkasi Mujtabo Xomanaiyni qidirishni boshladi – OAV

Olam

image

AQSH va Isroil maxsus xizmatlari tomonidan Eronning yangi Oliy rahbari Oyatulloh Mujtabo Xomanaiyning qayerdaligini aniqlashga qaratilgan juda maxfiy operatsiya o‘tkazilmoqda. Bu haqda Britaniyaning “The Times” gazetasi xabar berdi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, MRB va Isroil “Mossad”i otasining vafotidan so‘ng bu lavozimni egallagan diniy arbobni qidirish bo‘yicha bir qancha vaqtdan beri hamkorlikda ish olib bormoqda. Ko‘plab shunga o‘xshash operatsiyalardan farqli o‘laroq, hozirgi missiya Xomanaiyni jismonan yo‘q qilishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ymagan. Razvedka xizmatlarining asosiy vazifasi – Eronning yangi yetakchisi tirikmi, u qanday jismoniy va psixologik holatda, shuningdek, tashqi dunyo uchun jumboq bo‘lib qolayotgan uning aniq joylashuv manzilini aniqlash bo‘yicha ishonchli ma’lumotlarni olishdan iborat.

Qidiruvning murakkabligi shundaki, nashr manbalariga ko‘ra, otasining halok bo‘lishi va o‘zi og‘ir jarohat olganidan so‘ng Mujtabo Xomanaiy zamonaviy aloqa vositalaridan foydalanishni butunlay to‘xtatgan. Oyatulloh telefon qo‘ng‘iroqlarini amalga oshirmaydi va kompyuterdan foydalanmaydi, bu esa signallarni tutib olish va raqamli izlarni kuzatishga asoslangan elektron razvedka usullarini befoyda qiladi. Shu munosabat bilan MRB va “Mossad” faqat Eron ichidagi agentlik tarmog‘iga, Eron rahbariyatining ichiga suqilib kirishga va Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi a’zolari orasidagi xabarchilar bilan ishlashga tayanishga majbur bo‘lmoqda.

“The Times” talqiniga ko‘ra, Xomanaiyning iziga tushishning yagona ehtimoliy yo‘li – unga yozma xabarlarni yetkazib beradi deb taxmin qilinayotgan kurerlar orqali aloqa kanallarini kuzatishdir. Aynan shunday vositachilar orqali rahbar Eron hokimiyat iyerarxiyasidagi asosiy shaxslar bilan aloqada bo‘lib turishi mumkin. Amerika razvedkasi “Al-Qoida” terrorchilik tashkiloti yetakchisi Usoma bin Lodinni tashqi dunyo bilan bog‘lab turgan kurerlarni ko‘p yillik kuzatish orqali uning qayerdaligini aniqlashga muvaffaq bo‘lgan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, hozirgi vaziyat yanada murakkabroq bo‘lishi mumkin, chunki Eron xavfsizlik xizmatlari, ehtimol, o‘tmishdagi tajribani hisobga olgan holda kutilmagan choralarni ko‘rgan.

“Mossad” bo‘linmalaridan birining sobiq rahbari Rami Igra gazetaga bergan izohida Xomanaiyning qayerdaligi haqida ishonchli ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar doirasi juda cheklanganini aytgan. Uning baholashicha, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining faqat ikki-uch nafar yuqori martabali a’zosigina Oliy rahbarning qayerda yashiringanini bilishi mumkin. “Mossad”da bunday shaxslar bilan aloqa o‘rnatish yoki ularni o‘z tomoniga og‘dirib olish g‘oyatda murakkab.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mujtabo Xomanaiy AQSH Eron va Amerika Prezidentlari o‘rtasida imzolangan anglashuv memorandumini bir necha bor buzganini tanqid qilib, bu holat AQSH Prezidenti Donald Trampning imzosi “butunlay qadrsiz va ishonchsiz” ekanini ko‘rsatganini bildirgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing