Xomanaiy Eronni dunyoning “to‘rtinchi superkuchi” deb e’lon qildi
Olam
−
11:22 1403 2 daqiqa
Eron oliy rahbari Mujtabo Xomanaiy AQSH va Isroilning tajovuzi mamlakatni yanada kuchaytirganini aytdi. Uning bildirishicha, Eron bugun ayrimlar tomonidan dunyoning to‘rtinchi superkuchi sifatida ko‘rilmoqda. Bu haqda Xomanaiy 1980–1988 yillardagi Eron – Iroq urushi boshlanganini xotirlash uchun o‘tkaziladigan “Muqaddas mudofaa haftaligi” munosabati bilan xalqiga yo‘llagan murojaatida so‘z ochdi.
“Bugun ayrimlar bizni dunyoning to‘rtinchi superkuchi deb biladi. Ammo pok avlodga sodiqlik va haqiqatni himoya qilishdan qo‘rqmaydigan mamlakat ilohiy hisob-kitoblarga ko‘ra, dunyoning eng qudratli davlatidir”, degan u.
Qayd etilishicha, 1979 yildagi inqilobdan so‘ng Eron rivojlanishning yangi bosqichiga qadam qo‘ygan. Xomanaiyning so‘zlariga ko‘ra, inqilob mamlakatni “mustamlakachilik” va tashqi kuchlarning hukmronligidan uzoqlashtirib, taraqqiyot, qadr-qimmat, mustaqillik va Islom olamida, shuningdek, butun dunyoda yuksak obro‘-e’tibor sari olib borgan.
U AQSHning Hormuz bo‘g‘ozida Eron portlariga nisbatan o‘rnatgan blokadasiga ham to‘xtalgan.
“O‘sha kunlarda Eron janubidagi ikki dengiz dushman kuchlari bemalol harakat qiladigan joy edi. Ammo bugun jasur jangchilar va Hormuz bo‘g‘ozi qo‘riqchilari tomonidan berilgan og‘ir zarbalar sababli ular Ummon dengizidan nariga o‘ta olmayapti. Har safar bunday xavfni o‘z zimmalariga olganlarida, o‘zlariga zarar yetkazishdi. Tez orada Ummon dengizi ham ulardan tozalanadi”, degan u.
Shuningdek, Xomanaiy avval dushman Eronning ijtimoiy tayanchini doimiy ravishda zaiflashtirishga harakat qilganini aytgan. Uning aytishicha, bugun esa jamiyatning turli qatlamlari o‘rtalaridagi farqlarga qaramay, qonuniy hududlarini, jumladan, Hormuz bo‘g‘ozini himoya qilish uchun harakat qilmoqda.
“Dushmanimiz qaytarishni istayotgan o‘sha kunlar o‘tmishda qoldi va boshqa hech qachon takrorlanmaydi”, degan Eron oliy rahbari.
Bundan tashqari, Xomanaiy Eron bundan buyon boshqa davlatlarning hukmronligiga hech qachon yo‘l qo‘ymasligini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eronda mamlakat oliy rahbari Mujtabo Xomanaiyning besh oy ichidagi ilk videosi e’lon qilingan edi. Keyinroq Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon mamlakat Oliy rahbari Mujtabo Xomanaiy bilan uchrashganini va Xomanaiy jismonan butunlay sog‘lom ekanini ma’lum qilgan.
Live
Barchasi