Xomanaiy Pezeshkiyonga prezidentlik mandatini topshirdi (video)

Olam

image

Eron Islom inqilobi yetakchisi Oyatulloh Ali Xomanaiy bugun, 28 iyul kuni turli rasmiylar va arboblar ishtirokidagi marosimda Mas’ud Pezeshkiyonga prezidentlikning rasmiy mandatini topshirdi. Bu haqda “Iran International” xabar berdi.

Tanfiz deb nomlangan marosim chog‘ida Xomanaiy tasdiqlash to‘g‘risidagi farmonni Pezeshkiyonga topshirib, uni rasman qonuniy Prezident deb tan oldi. Xomanaiy idorasi rahbari Muhammad Golpayeganiy Eron Islom Respublikasi Oliy rahbari tomonidan bu lavozimga tayinlanganligini rasman tasdiqlovchi farmonni o‘qib eshittirdi. Shundan so‘ng yangi Prezident nutq so‘zlab, Xomanaiyning buyrug‘iga amal qilishini ta’kidlab, siyosiy kelishmovchiliklarni bartaraf etishga chaqirdi.

Tanfiz marosimidan so‘ng, 30 iyul kuni Pezeshkiyon parlament oldida qasamyod qiladigan Tahlif marosimi bo‘lib o‘tadi. Tahlifda yangi saylangan Prezident parlament (majlis) oldida sud hokimiyati rahbari va Qo‘riqchilar kengashi a’zolari ishtirokida konstitutsiyani himoya qilishga va davlat rahbari sifatidagi vazifalarini sodiqlik bilan bajarishga va’da berib qasamyod qiladi. Har ikkala marosim ham prezidentlik hokimiyatini o‘tkazishda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, yangi Prezident uchun ham huquqiy, ham ramziy qonuniylikni ta’minlaydi.

IRNA xabariga ko‘ra, marosimda 2500 dan ortiq ishtirokchi, jumladan, milliy va harbiy amaldorlar, diniy va ilmiy muassasalar rahbarlari va professorlari, turli soha vakillari hamda Tehronda joylashgan xorijiy elchilar ishtirok etgan. Shuningdek, davlat matbuoti qasamyod qabul qilish marosimida turli davlatlar va xalqaro tashkilotlardan 70 nafar xorijiy delegatsiyalar ishtirok etishini ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, Erondagi prezidentlik saylovlarida islohotchi sobiq sog‘liqni saqlash vaziri Mas’ud Pezeshkiyon 16,384 million ovoz – umumiy ovozlarning kamida 53,6 foizi bilan g‘alaba qozongandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eronning yangi Prezidenti, islohotchi Mas’ud Pezeshkiyon islomiy respublikaning G‘arb va Isroilga nisbatan siyosatini o‘zgartirmasligini aytgandi. Shuningdek, u “Yangi dunyoga mening xabarim” deb nomlangan shaxsiy fikrlari aks etgan maqolasida Eron AQSH bosimini rad etib, Rossiya va Xitoy siyosatini olqishlashini bildirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Oyatulloh Ali Xomanaiy Mas'ud Pezeshkiyon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing