XOQ o‘zining kibersport qo‘mitasi faoliyatini to‘xtatdi
Sport
−
05 may 821 1 daqiqa
Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi (XOQ) o‘zining kibersport qo‘mitasi faoliyatini to‘xtatdi. Bu haqda “Livedoor” nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, joriy yilning yanvar oyida XOQ prezidenti Kirsti Koventri kibersport qo‘mitasiga maktub yo‘llab, ushbu yo‘nalishni rivojlantirish bo‘yicha yondashuvni qayta ko‘rib chiqishni taklif qilgan. U kibersportni rivojlantirish mas’uliyatini shaxsan o‘z zimmasiga olayotganini bildirgan. Koventrining fikricha, Olimpiya harakatining keyingi bosqichi umumiy strategiyaga to‘liq mos keladigan, yanada keng qamrovli yondashuvni talab qiladi.
Avvalroq, Tomas Bax rahbarligi davrida XOQ kibersport turnirlarini tashkil etgan va uni kelajakda Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritish imkoniyatini ko‘rib chiqqan edi. Biroq nashrning yozishicha, Koventri hozirda an’anaviy sport turlariga ustuvor ahamiyat qaratmoqda.
2024 yilda XOQ 2025 yilda Saudiya Arabistonida o‘tkazilishi rejalashtirilgan ilk Olimpiya kibersport o‘yinlarini e’lon qilgan edi. Keyinchalik musobaqa 2027 yilga qoldirildi. 2025 yilning oktyabr oyida esa XOQ Saudiya Arabistoni bilan tuzilgan shartnomani bekor qilib, loyihani butunlay to‘xtatgani ma’lum qilindi.
Ma’lumot uchun, 2023 yil iyun oyida Singapurda tarixda ilk bor Olimpiya kibersport haftaligi o‘tkazilgan. Unda 500 mingdan ortiq tomoshabin ishtirok etgan, translyatsiyalarni esa 6 millionga yaqin kishi kuzatgan.
Live
Barchasi