Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi Infantinoni jazolamaydigan bo‘ldi
Sport
−
18 iyul 1625 2 daqiqa
Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi (XOQ) AQSH terma jamoasi hujumchisi Folarin Balogunning diskvalifikatsiyasi bekor qilingani munosabati bilan FIFA prezidenti Janni Infantinoga nisbatan hech qanday sanksiya qo‘llashni rejalashtirmayapti. Bu haqda XOQdagi manbalariga tayanib, “The Guardian” nashri xabar berdi.
Avvalroq, FairSquare notijorat tashkiloti Infantinoning xatti-harakatlari yuzasidan XOQ’ga rasmiy shikoyat kiritganini ma’lum qilgan edi. Manbaga ko‘ra, shikoyat Balogunning diskvalifikatsiyasi bekor qilingani bilan bog‘liq.
Nashr ko‘rib chiqqan, deya ta’kidlangan 10 sahifalik hujjatda, “qaror AQSH Prezidenti tomonidan Janni Infantinoga o‘tkazilgan siyosiy bosim ta’sirida qabul qilinganini ko‘rsatuvchi ishonchli dalillar mavjud”, deyilgan.
FairSquare fikricha, Infantino 2020 yilda Lozanna shahridagi XOQ bosh qarorgohida qabul qilgan qasamyodini buzgan. Unda FIFA rahbari tijorat va siyosiy manfaatlardan mustaqil ravishda faoliyat yuritishga va’da bergan edi.
Ta’kidlashicha, XOQ xalqaro sport federatsiyalarining o‘z ichki qoidalarini qo‘llash jarayoniga aralashishni istamaydi. Nashrning yana bir manbasi esa so‘nggi yigirma yil ichida XOQ va FIFA o‘rtasidagi kuchlar muvozanati futbol tashkiloti foydasiga sezilarli darajada o‘zgarganini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, Folarin Balogun Jahon chempionati 1/16 finalida Bosniya va Gersegovinaga qarshi uchrashuvda (2:0) himoyachi Tarik Muharemovichga nisbatan qo‘pol harakati uchun qizil kartochka olgan edi. Amerikalik futbolchi raqibining oyog‘i orqa qismiga butsasining tishlari bilan zarba bergan.
Joriy yilning 5 iyul kuni FIFA Intizom qo‘mitasi Balogunning diskvalifikatsiyasini bekor qildi va hujumchiga Belgiyaga qarshi 1/8 final uchrashuvida (1:4) maydonga tushishga ruxsat berdi.
Live
Barchasi