Qishki Olimpiya o‘yinlari dasturiga o‘zgarishlar kiritildi

Sport

image

Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi (XOQ) Ijroiya kengashi 2030 yilda Fransiya Alp tog‘larida bo‘lib o‘tadigan Qishki Olimpiya o‘yinlarining musobaqalar dasturini tasdiqladi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasiga xabar berdi.

Yangi dasturga frirayd chang‘isi va snoubord, sinxron figurali uchish kabi yo‘nalishlar kiritildi. Biroq Skandinaviya kombinatsiyasi musobaqalari dasturdan chiqarildi. 

XOQ ma’lum qilishicha, qaror sport turlarining ommabopligi, tomoshabinlar soni, ommaviy axborot vositalaridagi qamrovi va geografik tarqalishi kabi mezonlar asosida qabul qilingan.

XOQ Ijroiya kengashi jami uchta yangi yo‘nalish hamda 16 ta yangi medallar jamlanmasi bo‘yicha musobaqani dasturga qo‘shishni ma’qulladi. 

O‘zgarishlar biatlon, konkida uchish, chang‘i sporti, snoubord va chang‘i alpinizmiga taalluqli.

Yangi musobaqalar qatoriga biatlon bo‘yicha aralash yakkalik estafetasi, konkida uchish bo‘yicha erkaklar va ayollar jamoaviy sprinti, erkin uslubdagi chang‘i krossi bo‘yicha aralash jamoaviy bahslar, parallel snoubord bo‘yicha aralash jamoaviy musobaqa, ayollar o‘rtasida jamoaviy chang‘ida sakrash, shuningdek, frirayd chang‘isi, frirayd snoubordi va sinxron figurali uchish kiritildi.

Avvalroq, qo‘shimcha Olimpiya sport turi sifatida tasdiqlangan chang‘i alpinizmi erkaklar va ayollar o‘rtasidagi individual poyga, sprint hamda aralash estafeta bahslarini o‘z ichiga oladi.

Shuningdek, parallel gigant slalom bo‘yicha snoubord musobaqasi Olimpiya dasturida saqlab qolindi.

2030 yilgi Qishki Olimpiya o‘yinlari tarixda birinchi marta sportchilar kvotasida to‘liq gender tengligini ta’minlaydi. Musobaqada jami 3046 nafar sportchi ishtirok etadi. Shundan 1525 nafari ayollar, 1521 nafari erkaklar bo‘ladi.

Dasturdan jami 126 ta medallar jamlanmasi o‘rin olgan. Ularning 56 tasi ayollar, 55 tasi erkaklar va 15 tasi aralash jamoalar o‘rtasida o‘ynaladi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing