Xitoylik olimlar Ilon Maskni ortda qoldirdi
Texnologiya
−
06 fevral
24830Xitoyning Tsinghua universitetida falaj bo‘lgan odamning harakatini tiklashga yordam beruvchi miya chipi ishlab chiqildi. Bu haqda “South China morning post” nashri xabar berdi.
Bildirilishicha, ushbu simsiz miya-kompyuter interfeysi bemorga protez qo‘l bilan narsalarni ushlash imkonini beradi. Qurilma o‘tgan yilning oktyabr oyida falajlikni boshidan o‘tkazgan bemorni reabilitatsiya qilishda ishlatildi hamda sezilarli yutuqlar qayd etildi. Universitetning tadqiqot guruhi bir necha kun avval sinov natijasini ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qildi. Bu orqali xitoylik olimlar joriy yilning yanvar oyida shunday chipni inson miyasiga joylashtirgan Ilon Maskni ortda qoldirdi.
Bungacha guruh maymun ustida sinovlar o‘tkazgandi. Faqatgina 2023 yil boshiga kelib, jamoaga birinchi marta odamda tadqiqot o‘tkazish uchun ruxsat berildi. NEO tizimi implantatsiya qilingan bemor 14 yil oldin avtohalokat oqibatida orqa miya jarohatini olgan va falaj bo‘lib qolgandi. Tajribaning dastlabki 3 oyidayoq u protez qo‘l yordamida shishani ushlay oldi.
Mitti miya chipi ikki tanga o‘lchamiga ega. U bosh suyagiga o‘rnatish uchun mo‘ljallangan. Qurilma batareyalarsiz ishlaydi, buning o‘rniga uskuna yuqori chastotali antenna yordamida masofadan turib yaqin simsiz quvvat bilan quvvatlanadi. Hozirda ushbu implantlar orqa miya jarohati hamda epilepsiya (surunkali nevrologik kasallik) va amyotrofik lateral skleroz (markaziy asab tizimining falajligi) kabi kasalliklarga chalingan bemorlarga yordam berishi mumkin, deb ishonilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ilon Maskning Neuralink neyrotexnologiya kompaniyasi ilk bor odamga gadjetlardan fikrlar yordamida foydalanish imkonini beruvchi chipni o‘rnatgandi.
LiveBarchasi