Xitoy 2030 yilga borib mingdan ortiq yadro kallaklariga ega bo‘lishi mumkin – Pentagon

Olam

image

2030 yilga borib Xitoy 1 mingdan ortiq yadro kallaklarini joylashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu haqda AQSH Mudofaa vazirligining Xitoy harbiy qudrati to‘g‘risidagi yillik hisobotida keltirilgan.

“Pentagon hisob-kitoblariga ko‘ra, Xitoy 2030 yilga borib 1 mingdan ortiq operativ joylashtirilgan yadro kallaklariga ega bo‘ladi. Ularning katta qismi yuqori tayyorgarlik darajasida bo‘ladi. Xitoy 2035 yilgacha yadro qudratini kengaytirishni davom ettiradi va shu vaqtga borib Xitoy Xalq ozodlik armiyasining modernizatsiyasini “asosiy darajada yakunlash” vazifasini bajarishni ko‘zlamoqda. Bu 2049 yilga borib dunyo miqyosida tengsiz harbiy qudratga ega bo‘lishni maqsad qilgan Xitoy raisi Si Szinpinning strategik rejasi doirasidagi muhim bosqichdir”, deyiladi hisobotda.

Hujjatda, shuningdek, Vashingtonning baholariga ko‘ra, joriy yil holatiga Xitoyning yadro arsenali 600 dan ortiq yadro kallaklarini o‘z ichiga olishi ta’kidlangan.

Ma’lumot uchun, hozirgi kunda global yadroviy qurol-yarog‘ning umumiy zaxirasi 12 121 dona kallakdan iborat. Ulardan 9 585 tasi 2024 yil yanvar holatiga ko‘ra zaxirada saqlanmoqda.

Taxminan 3 904 dona kallak raketalar va samolyotlarga joylashtirishga tayyor, bu esa 2023 yilga nisbatan 60 taga ko‘proq. Shu jumladan 2,1 mingdan ortiq kallak yuqori jangovar tayyorgarlik holatida va bu kuchaygan eskalatsiya xavfini ko‘rsatadi.

Rossiya va AQSH dunyo bo‘ylab yadroviy qurol-yarog‘larning taxminan 90 foiziga egalik qiladi. SIPRI ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya so‘nggi yilda 36 dona qo‘shimcha kallak joylashtirdi, bu esa mamlakatning yadroviy kuchlarini mustahkamlashga qaratilgan barqaror yondashuvni ko‘rsatadi.

Xitoyda esa eng katta o‘zgarishlar ro‘y bergan. 2023 yil ushbu mamlakatda  410 dona kallak mavjud edi, 2024 yilga kelib esa bu raqam 600 ga yetgan. Xitoyning yadroviy potensialining tez sur’atlarda oshishi jahon hamjamiyatida xavotir uyg‘otmoqda va Pekinning uzoq muddatli strategik rejalari haqida savollarni keltirib chiqarmoqda.

Ushbu ma’lumotlar global miqyosda yadroviy arsenalni kuchaytirish tendensiyasini ko‘rsatadi. Bu esa qurollanishni kamaytirish imkoniyatlarini sezilarli darajada qiyinlashtiradi. Xalqaro barqarorlikning pasayishi sharoitida yadroviy kuchlar strategik xavfsizlikning asosiy elementi sifatida tobora ko‘proq ahamiyatga ega bo‘lmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida yadroviy “beshlik” davlatlari – Rossiya, AQSH, Xitoy, Fransiya va Buyuk Britaniya vakillarining muhim uchrashuvi bo‘lib o‘tgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy yadro kallaklari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing