Dubayda yadroviy “beshlik” davlatlari uchrashdi
Olam
−
18:24
1962Joriy yilning 4 dekabr kuni Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida yadroviy “beshlik” davlatlari – Rossiya, AQSH, Xitoy, Fransiya va Buyuk Britaniya vakillarining muhim uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, bu Xitoyning 1 yillik raisligi doirasidagi ilk to‘liq maslahatlashuv bo‘lgan. Uchrashuvda asosiy mavzu sifatida yadroviy doktrinalar muhokama qilingan. Pekin tomoniga ko‘ra, ayni paytda bu mavzuda olib borilgan muzokaralar yadroviy davlatlar o‘rtasida tushunmovchiliklar va xatoliklarga yo‘l qo‘ymaslik uchun muhim.
Uchrashuv 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan bo‘lsa-da, uning tafsilotlari 10 dekabr kuni e’lon qilingan. Bu kechikish umumiy bayonotni kelishishning murakkabligi bilan bog‘liqligi aytilmoqda. Bunday uchrashuvlar odatda kamdan kam hollarda omma uchun ochiq ravishda o‘tkaziladi. 2022 yildan boshlab esa deyarli butunlay yopiq tarzda o‘tkazilmoqda. Shunga qaramay Xitoy Tashqi ishlar vazirligi o‘z bayonotida ushbu tadbir haqida batafsilroq ma’lumot bergan.
Qayd etilishicha, avvalgi uchrashuvlar odatda raislik qilayotgan davlatlarning poytaxtlarida o‘tkazilgan, ammo oxirgi yillarda ular neytral hududlarda, masalan, BMT yoki uchinchi davlatlar hududiga ko‘chirilgan. Uchrashuvlar “mutaxassislar darajasida” o‘tkaziladi va unda diplomatik hamda harbiy rasmiylar ishtirok etadi. Lekin, har doim ham beshta davlatning barcha vakillari qatnashmaydi.
Ma’lumot uchun, “beshlik” formati 2009 yilda Buyuk Britaniya tashabbusi bilan “Yadroviy qurolni tarqatmaslik to‘g‘risida”gi shartnomani qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, bu yadroviy davlatlar muntazam ravishda strategik xavfsizlik masalalarini muhokama qilish uchun yagona platforma hisoblanadi.
Joriy yilning iyunida Shvetsiya poytaxti Stokgolmda joylashgan Xalqaro tinchlikni o‘rganish instituti (SIPRI) tomonidan e’lon qilingan yillik hisobotga ko‘ra, so‘nggi yilda barcha to‘qqizta yadroviy davlat – beshta rasmiy (Buyuk Britaniya, Xitoy, Rossiya, AQSH, Frantsiya) va to‘rtta norasmiy (Isroil, Hindiston, Shimoliy Koreya, Pokiston) o‘z yadroviy arsenalini faol ravishda kuchaytirgan.
Hozirgi kunda global yadroviy qurol-yarog‘ning umumiy zaxirasi 12 121 dona kallakdan iborat. Ulardan 9 585 tasi 2024 yil yanvar holatiga ko‘ra zaxirada saqlanmoqda.
Taxminan 3 904 dona kallak raketalar va samolyotlarga joylashtirishga tayyor, bu esa 2023 yilga nisbatan 60 taga ko‘proq. Shu jumladan 2,1 mingdan ortiq kallak yuqori jangovar tayyorgarlik holatida va bu kuchaygan eskalatsiya xavfini ko‘rsatadi.
Rossiya va AQSH dunyo bo‘ylab yadroviy qurol-yarog‘larning taxminan 90 foiziga egalik qiladi. SIPRI ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya so‘nggi yilda 36 dona qo‘shimcha kallak joylashtirdi, bu esa mamlakatning yadroviy kuchlarini mustahkamlashga qaratilgan barqaror yondashuvni ko‘rsatadi.
Xitoyda esa eng katta o‘zgarishlar ro‘y bergan. 2023 yil ushbu mamlakatda 410 dona kallak mavjud edi, 2024 yilga kelib esa bu raqam 500 ga yetgan. Xitoyning yadroviy potensialining tez sur’atlarda oshishi jahon hamjamiyatida xavotir uyg‘otmoqda va Pekinning uzoq muddatli strategik rejalari haqida savollarni keltirib chiqarmoqda.
Ushbu ma’lumotlar global miqyosda yadroviy arsenalni kuchaytirish tendensiyasini ko‘rsatadi. Bu esa qurollanishni kamaytirish imkoniyatlarini sezilarli darajada qiyinlashtiradi. Xalqaro barqarorlikning pasayishi sharoitida yadroviy kuchlar strategik xavfsizlikning asosiy elementi sifatida tobora ko‘proq ahamiyatga ega bo‘lmoqda.
LiveBarchasi