Respublika maxsus komissiyasi Xitoydan keladigan o‘zbekistonliklar bo‘yicha axborot berdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 29 yanvardagi farmoyishiga asosan koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi tuzilgan edi.

Shu vaqt ichida komissiya tomonidan O‘zbekistonga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan zarur chora-tadbirlar ishlab chiqilib, amalga oshirilmoqda. O‘zbekistondan Xitoyga va Xitoydan O‘zbekistonga aviaparvozlar vaqtinchalik to‘xtatildi. Chegara o‘tkazish punktlarida xorijdan kirib kelayotgan fuqarolarning salomatligini tekshirish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Tibbiyot muassasalarida ushbu epidemiyani barvaqt aniqlash hamda uning tarqalishini oldini olish borasida zarur choralar ko‘rilmoqda.

Komissiya Xitoydagi o‘zbekistonliklarni Vatanga qaytarish, ularni ikki hafta davomida karantinda saqlash bo‘yicha ma’lumot berdi. Bu masalalar maxsus komissiyaning kecha, 3 fevral kuni o‘tkazilgan navbatdagi yig‘ilishida kelgusidagi muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, O‘zbekiston fuqarolarini Uxan shahri va Xitoyning boshqa hududlaridan olib kelish uchun charter reyslar tashkil etildi. Ushbu charter reyslarning dastlabkisi 4-5 fevral kunlari amalga oshiriladi.

Mazkur samolyotlarda O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi buyurtmasiga asosan mamlakatda qolib, faoliyatini davom ettirish istagini bildirgan o‘zbekistonliklarga zarur antiseptik va dezinfeksiya vositalari yetkaziladi hamda bepul beriladi.

“Xitoydan vatandoshlarni olib kelish jarayonida barcha sanitariya-epidemiologiya talablariga qatiy rioya qilinadi, yo‘lovchilarning har biri shifokorlar nazorati ostida bo‘ladi.

Koronavirusning O‘zbekistonga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish, qulay sanitariya-epidemiologik holatni ta’minlash hamda aholi salomatligini muhofaza qilish maqsadida Xitoydan olib kelinadigan vatandoshlarimiz Toshkent shahri va Toshkent viloyatida tayyorlangan maxsus tibbiyot muassasasiga joylashtiriladi”, deyiladi komissiya bayonotida.

Mazkur muassasalar to‘liq karantin talablari asosida jihozlangan. Xususan, koronavirus diagnostikasi vositalarining zarur zaxiralari yaratilgan, kerakli dori hamda dezinfeksiya vositalari, uskunalar, sarflash materiallari, shuningdek, shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlangan. Sohaning yetuk mutaxassislari tomonidan Uxan shahri va Xitoyning boshqa hududlaridan olib kelingan fuqarolar alohida nazorat ostida bo‘lib, muntazam tibbiy tekshiruvlardan o‘tkaziladi.

Shuningdek, mazkur tibbiyot muassasalarida barcha kerakli maishiy vositalar va zarur oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanadi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga asosan, koronavirus inkubatsiyasi davrini hisobga olgan holda, Uxan shahri va Xitoyning boshqa hududlaridan olib kelinadigan o‘zbekistonliklar ikki hafta davomida karantin ostida saqlanadi. Ushbu vaqt davomida ularning oila-a’zolari bilan uchrashishi ta’qiqlanadi. Yaqinlari bilan faqat maxsus telefon aloqasi orqali muloqot qilishi mumkin bo‘ladi.

Komissiya yig‘ilishida tegishli vazirlik va idoralarga ushbu vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish yuzasidan topshiriqlar berildi. Komissiya vakolatiga doir boshqa masalalar ham atroflicha ko‘rib chiqildi.


Maqola muallifi

Teglar

virus karantin

Baholaganlar

158

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing