Xitoyda sobiq vazirlar davlat lavozimlaridan chetlatildi
Olam
−
28 iyun
9219Xitoy Xalq Respublikasi parlamenti Butunxitoy xalq vakillari kengashi doimiy qo‘mitasi tomonidan qabul qilingan tegishli qaror bilan mamlakatning sobiq mudofaa va tashqi ishlar vazirlari Li Shanfu va Sin Gan o‘z lavozimlaridan chetlatildi va Xitoy Davlat kengashi tarkibidan chiqarib yuborildi. Bu haqda “Sinxua” axborot agentligi xabar berdi.
Ilgari ikkala vazir ham ishdan chetlashtirilgan edi. Li Shanfu rasman korrupsiyada, jumladan pora olish va berishda ayblangan. U Kommunistik partiyadan chiqarib yuborilishi va o‘lim jazosiga hukm qilinishi mumkin. Lining XXR Qurolli kuchlarining boshqaruv organi bo‘lgan Markaziy harbiy kengash tarkibidan chetlashtirilgani ham bundan bir kun oldin ma’lum bo‘ldi.
“U o‘zi va boshqalar uchun kadrlar mexanizmlari orqali noqonuniy ravishda daromad olgan, o‘z mansabidan foydalanib, boshqalarga nafaqa qo‘ygan va buning evaziga katta miqdordagi pul va qimmatbaho narsalarni olgan. Shuningdek, Li Shanfu boshqalarga pora taklif qilgan. Sobiq mudofaa vazirining xatti-harakatlari partiya ishiga, milliy mudofaa va qurolli kuchlar rivojiga, shuningdek, yuqori martabali amaldorlarning obro‘siga putur yetkazdi”, deyiladi xabarda.
Sobiq tashqi ishlar vaziri Sin Ganning lavozimdan chetlatilishi borasida esa unga ayblovlar rasman xabar qilinmagan. Xitoyning AQSHdagi sobiq elchisi bo‘lgan Gang 2022 yilning dekabrida Tashqi ishlar vaziri etib tayinlangan, biroq olti oy o‘tib u jamoatchilikdan g‘oyib bo‘ldi. Bir oy o‘tgach, u lavozimidan chetlatildi. Sin Gan 2024 yil fevral oyida Butunxitoy xalq vakillari kengashi deputatligidan iste’foga chiqqanida yana omma oldida paydo bo‘ldi. Shundan so‘ng, u ikkinchi bor g‘oyib bo‘ldi.
Joriy yilning 26 iyun kuni XXR yana bir sobiq mudofaa vaziri, Li Shanfuning o‘tmishdoshi Vey Fenxening partiyadan chiqarib yuborilganini e’lon qildi. U ham korrupsiyada ayblanib tergov qilinmoqda. Rasmiy xabarlarga ko‘ra, Vey Fenxe partiya intizomi va qonunchiligini qo‘pol ravishda buzgan. Xitoy Xalq Respublikasi Kommunistik partiyasi Siyosiy byurosi uning ishini harbiy tergov organlariga topshirgan.
LiveBarchasi