Xitoyda robotlar uchun maktab ochildi
Texnologiya
−
08:21 1301 2 daqiqa
Xitoyning Uxan shahrida gumanoid robotlar uchun kundalik hayotiy vazifalarni o‘rganadigan maxsus robotlar maktabi ochildi. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.
Tadqiqotchilar virtual texnologiyalar yordamida robotlarni real hayotda bajariladigan ishlarga o‘rgatmoqda. Bu jarayonda muhandislar maxsus VR-ko‘zoynaklar va kontrollerlardan foydalanib, robot harakatlarini masofadan boshqaradi.
Laboratoriyada bir guruh gumanoid robotlar sinfda o‘qiyotgan o‘quvchilar kabi tayyorgarlikdan o‘tmoqda. Ularga kofe tayyorlash, uy ishlarini bajarish, buyumlarni ko‘tarish va saralash kabi kundalik vazifalar o‘rgatilmoqda.
Loyiha doirasida muhandislar robotlarning harakatlari haqida katta hajmdagi ma’lumotlar to‘plamoqda. Instruktorlar virtual uskunalarini kiyib, robot harakatlarini real vaqt rejimida boshqaradi va ularga turli vazifalarni bajarishni ko‘rsatadi.
Robotlarni o‘qitish bilan shug‘ullanuvchi mutaxassis Syuy Syunbinning aytishicha, instruktor VR-ko‘zoynak va kontrollerlardan foydalanganda uning chap va o‘ng qo‘llari robotning qo‘llari sifatida ishlaydi. Robot inson harakatlarini takrorlaydi va shu orqali harakatlarni o‘rganadi. Keyin bu ma’lumotlar bulutli serverlarga yuklanadi va tekshirilgandan so‘ng robotning ta’lim tizimiga kiritiladi.
Syuy Syunbinning ta’kidlashicha, bu jarayon juda qiziqarli bo‘lib, robot biror vazifani bajara olganida u xuddi o‘z farzandini o‘qitib, uning o‘sib borayotganini ko‘rayotgandek his qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaponiyada Kioto tadqiqotchilari “Buddharoid” deb nomlangan buddist yozuvlari bo‘yicha o‘qitilgan va inson ruhoniysi kabi harakatlanib va imo-ishoralar qilib, qiziqarli suhbatlar olib boradigan sun’iy intellekt robotini ishlab chiqqandi.