Xitoyda kana orqali yuqadigan yangi virus aniqlandi

Olam

image

Xitoyning Pekin mikrobiologiya va epidemiologiya instituti olimlari odamning asab tizimiga zarar yetkazuvchi yangi virusni aniqladi. Bu haqda “The New England Journal of Medicine” ilmiy jurnalida e’lon qilingan tadqiqot natijalarida so‘z boradi.

Olimlarga ko‘ra, ushbu virus kanalar orqali tarqaladi. Virus dastlab Xitoy shimolidagi Ichki Mo‘g‘ulistondagi parkda kana chaqqan 61 yoshli erkakda aniqlangan. Shundan so‘ng, bemorda isitma, bosh og‘rig‘i va qayd qilish alomatlari kuzatilgan. Antibiotiklar kasallik belgilarini yengillashtirmagan, bu esa infeksiyani bakteriyalar keltirib chiqarmaganini anglatadi. Yangi aniqlangan patogen suv-botqoq virusi yoki WELV deb nomlangan.

Ushbu virusni orttirgan erkakning qonidagi DNK va RNK tahlilida ilgari kuzatilmagan ortonairovirus aniqlangan.

“Bunday viruslarga kanalar orqali tarqaladigan bir qator patogenlar kiradi. Ular orasida Qrim-Kongo gemorragik isitmasi virusi ham bor”, deyilgan jurnalda.

Tahlillarga ko‘ra, ilgari WELV virusi hayvonlarda ham, odamlarda ham qayd etilmagan. Bemorning qonida aniqlangandan so‘ng, tadqiqotchilar 14,6 mingga yaqin kanani yig‘ib, ularni joylashuvi va turiga ko‘ra guruhlarga ajratib tahlil qilgan. Bu guruhlarning taxminan 2 foizi WELV genetik materialiga ijobiy natija ko‘rsatgan.

Besh turdagi kana virusni yuqtira oladi, biroq ko‘pincha WELV tashuvchilari Haemaphysalis concinna (iksod kanalarining bir turi) bo‘lib chiqdi. Shuningdek, virus tadqiqotchilar o‘rgangan qo‘y, ot va cho‘chqalarning oz qismida ham aniqlangan.

Infeksiya bilan kasallangan bemorlarda isitma, bosh aylanishi, bosh og‘rig‘i, holsizlik va bel og‘rig‘i, shuningdek, ko‘ngil aynish, qayd qilish va ich ketishi kabi umumiy alomatlar kuzatilgan. Laboratoriya tahlillari natijalari ko‘plab bemorlarda to‘qimalarning zararlanishi va qon ivishining belgilarini ko‘rsatgan.

“Olimlar WELV bilan kasallangan barcha odamlar bir-ikki hafta ichida sog‘ayib ketganini aytmoqda. Biroq, laboratoriya sichqonlarida o‘tkazilgan tajribalar shuni ko‘rsatganki, WELV miya va boshqa a’zolarni zararlab, o‘limga olib kelishi mumkin”, deyiladi tahlilda.

WELV bilan kasallangan bir bemor hatto hushidan ketib, komaga tushgan. Bu bemorning miya va orqa miyani o‘rab turuvchi suyuqligida leykotsitlar miqdori yuqori bo‘lgan, bu esa infeksiya borligini ko‘rsatuvchi belgi hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning aprel oyida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti H3N8 parranda grippi tashxisi musbat bo‘lgan xitoylik ayol vafot etganini ma’lum qilgandi. Bemor og‘ir pnevmoniya bilan shifoxonaga yotqizilgan, unda bir qator surunkali kasalliklar ham bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

virus kana DNK WELV

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing