Pelosi ertaga Tayvanga borishi aytilmoqda. Xitoy uni zambaraklari bilan kutyapti

Olam

image

AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi ertaga, 2 avgust kuni Tayvanga borishi mumkin. Bu haqda Tayvanning “China Times” nashri diplomatik manbalarga tayanib xabar berdi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Pelosi 3 avgust kuni orol ma’muriyati rahbari Say Inven va boshqa yuqori martabali amaldorlar bilan uchrashadi hamda o‘sha kuni kun yarmida orolni tark etadi.

Tayvan TIV va ma’muriyat rahbari devoni bu xabarni rasman tasdiqlamagan.

Qayd etish kerakki, Pelosining Tayvanga borsa, u orolga so‘nggi 25 yilda tashrif buyurgan eng yuqori martabali amerikalik amaldor bo‘ladi.

Vashington va Pekin munosabatlaridagi Tayvan masalasi Ukrainadagi vaziyat fonida alohida ahamiyat kasb eta boshladi. Xitoy tarixiy va siyosiy sabablarga ko‘ra Qo‘shma Shtatlardan uning ichki ishlariga aralashmaslikni talab qilmoqda. Vashington “yagona Xitoy tamoyili”ga rasman rioya qilib, Taypey bilan diplomatik aloqalarga ega emas. Biroq shunga qaramay nafaqat orol bilan aloqalarni saqlab qolgan, balki u yerga muntazam ravishda qurol yetkazib beradi.

Eslatib o‘tamiz, AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining Osiyoga safari chog‘ida Xitoy o‘z hududi deb hisoblovchi Tayvanga ham borishi mumkinligi Pekin va Vashington o‘rtasidagi munosabatlarning yana keskinlashishiga sabab bo‘lyapti. Xitoy tomoni bunday harakatlardan tiyilishga chaqirib, ogohlantirish bilan chiqdi.

Pelosi Osiyo turnesi davomida Malayziya, Singapur, Koreya va Yaponiyaga borishi rejalashtirilgan. Safar aprel oyida amalga oshirilishi kerak edi. Biroq palata spikeri koronavirusga chalingach, safar kechiktirildi.

Xitoy Pelosining Tayvanga borishi munosabatlarga jiddiy putur yetkazishi haqida bir necha marta ogohlantirdi. Hatto uning samolyotini urib tushrishi mumkinligini ko‘rsatish uchun Tayvanga eng yaqin viloyatida haqiqiy o‘qlardan foydalangan holda mashg‘ulot boshladi. Hatto viloyatga havo hujumidan mudofaa tizimlari ham joylashtirildi.

Tayvan 1949 yilda Chan Kayshi (1887-1975) boshchiligidagi Gomindan qo‘shinlarining qoldiqlari Xitoy fuqarolar urushida mag‘lubiyatga uchragach, orolga qochib ketganidan beri o‘z ma’muriyati tomonidan boshqariladi. O‘shandan beri Tayvan kommunistlar hokimiyatga kelishidan oldin materikda mavjud bo‘lgan sobiq Xitoy Respublikasi bayrog‘i va boshqa atributlarini saqlab qolgan.

Qo‘shma Shtatlar 1979 yilda Tayvan bilan diplomatik aloqalarni uzib, ularni XXR bilan o‘rnatgan. Vashington “yagona Xitoy” siyosatini tan olish bilan birga, ayni paytda Taybey ma’muriyati bilan aloqalarni davom ettirmoqda va orolga qurol yetkazib bermoqda. 2020 yilda AQSHning avvalgi Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Gonkongdagi vaziyat tufayli Pekin bilan munosabatlarning keskinlashuvi fonida Tayvan bilan aloqa va almashinuvlarni sezilarli darajada faollashtirdi, bu esa XXR rasmiylarining noroziligiga sabab bo‘ldi. 

AQSH Tayvanning asosiy qurol yetkazib beruvchisidir. Joriy yilning aprel oyida Davlat departamenti Patriot zenit-raketa tizimlariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha 95 million dollarlik shartnomani ma’qulladi.


Maqola muallifi

Teglar

Nensi Pelosi

Baholaganlar

270

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing