Pelosi Armanistonda: AQSH amaldori ozar-arman chegarasidagi keskinlikda Bakuni aybladi

Olam

image

AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi Ozarbayjon va Armaniston chegarasidagi qurolli to‘qnashuvlarda rasmiy Bakuni aybladi. Bu haqda u kecha, 18 sentyabr kuni Yerevanda Armaniston parlamenti raisi Alen Simonyan bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.

“AQSH Kongressi nomidan biz Ozarbayjon tomonining Armaniston suveren hududi va chegaralariga qilgan qonli hujumlarini keskin qoralaymiz”, deydi u.

Pelosi va Simonyan uchrashuvini Armaniston ommaviy axborot vositalari efirga uzatgan.

Pelosi shuningdek, AQSH uchun Armaniston suvereniteti va hududiy yaxlitligi muhim ekanini ta’kidlagan. U Ozarbayjonni Qorabog‘ aholisiga qarshi harakatlarda va tarixiy obidalarga zarar yetkazishda ayblagan hamda bu AQSHning diqqat markazida ekanini qo‘shimcha qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar Armanistonni qo‘llab-quvvatlash niyatida, xususan, Yerevanning mudofaa sohasidagi “ehtiyojlarini eshitishga” tayyor.

“Biz bu yerga Armaniston rahbariyati bilan nima qilishimiz mumkinligi haqida gaplashish uchun keldik. Biz Armanistonning mudofaa sohasidagi hamkorlik bo‘yicha ehtiyojlarini ham eshitamiz”, deydi AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikeri.

Ma’lumot uchun, Pelosi 17 sentyabr kuni Armanistonga yetib keldi va bugun, 19 sentyabr kuni qaytib ketadi. AQSHning Armanistondagi elchixonasi ma’lumotlariga ko‘ra, tashrif chog‘ida u Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan, Milliy assambleya spikeri Alen Simonyan va boshqa nufuzli shaxslar bilan uchrashishni rejalashtirgandi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 13 sentyabriga o‘tar kechasi Armaniston Mudofaa vazirligi Ozarbayjon Qurolli kuchlari mamlakatning aholi punktlarini o‘qqa tutganini ma’lum qildi. Bakuning qayd etishicha, bu Yerevanning "provokatsiyalari"ga javobdir. Keyinroq Ozarbayjon o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvlarga erishgani haqida xabar berdi, biroq Armaniston o‘q uzish davom etayotganiga ishora qilmoqda. 

To‘qnashuvlarda avvaliga Ozarbayjon tomonidan 77 nafar, Armanistondan 105 nafar harbiy halok bo‘lgani aytildi. 

Armaniston Xavfsizlik Kengashi favqulodda yig‘ilish o‘tkazdi, unda Do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro yordam to‘g‘risidagi shartnoma, shuningdek, KXSHT va BMT Xavfsizlik Kengashi qoidalaridan foydalanish uchun Rossiyadan yordam so‘rashga qaror qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Nensi Pelosi

Baholaganlar

61

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing