Turkiya Pelosini Janubiy Kavkazdagi vaziyatni sabotaj qilishda aybladi

Olam

image

AQSH Vakillar Palatasi spikeri Nensi Pelosining Janubiy Kavkazdagi vaziyat yuzasidan bildirayotgan bayonoti mintaqadagi diplomatik sa’y-harakatlarni sabotaj qilmoqda. Bu haqda Turkiya Respublikasi vitse-prezidenti Fuat O‘ktay o‘zining Twitter’dagi sahifasida yozgan.

O‘ktay Nensi Pelosining so‘zlari tarixiy faktlar bilan bir qatorda bugungi kun haqiqatlariga ham aloqasi yo‘qligini ta’kidlagan. 

“AQSH Vakillar palatasi spikerining bayonotlari ham xayrixohlik va xolislik tushunchalaridan yiroq. Bu qabul qilib bo‘lmaydigan bayonotlar mintaqadagi diplomatik sa’y-harakatlarni sabotaj qilmoqda”, deydi vitse-prezident. 

Uning ta’kidlashicha, AQSH ma’muriyati Pelosi va unga hamrohlik qilayotgan bir qator armanparast siyosatchilarning bayonotlari Vashingtonning Qorabog‘ masalasidagi rasmiy pozitsiyasini aks ettiradimi yo yo‘qmi, buni aniq aytishi kerak.

“Janubiy Kavkaz har qachongidan ham tinchlik va barqarorlikka muhtoj bo‘lgan bir paytda men xalqaro o‘yinchilarni o‘ta mulohazali va adolatli, eng avvalo, mas’uliyat bilan harakat qilishga chaqiraman”, deb yozdi Turkiya vitse-prezidenti. 

U so‘zi yakunida Turkiya 30 yillik adolatsizlik va noqonuniy ishg‘oldan tarixiy zaminlarni qahramonona kurashda ozod qilgan qardosh Ozarbayjonni bundan keyin ham qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlagan.

Nensi Pelosining Armanistonga tashrifi

18 sentyabr kuni AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi Armanistonga keldi. U tashrifi chog‘ida Ozarbayjonning Armaniston bilan chegaradosh hududiga noqonuniy va halokatli hujumlarini qoralashini ma’lum qildi. O‘z navbatida, Baku ushbu bayonotni Ozarbayjonga qarshi asossiz va nohaq ayblov sifatida baholab, ayblovlarni “kurakda turmaydigan”, deb atadi.

Shu kuni Yerevanda bir necha yuzlab kishi Armanistonning KXSHTdan chiqishini talab qilib, norozilik namoyishi o‘tkazdi. Namoyishchilarga ko‘ra, tashkilot Ozarbayjon tomonidan Armanistonga qarshi hujumlarning oldini olish uchun hech qanday chora ko‘rmagan.

Qorabog‘ urushi

Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib oldi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi. 

Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan “Bayraktar” uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.

44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2, 9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Ozarbayjon-Armaniston Nensi Pelosi Fuat O'ktay

Baholaganlar

20

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing