Xitoy Yevropaning Rossiya aktivlaridan foydalanishiga qarshi chiqdi

Olam

image

Xitoy Yevropa Ittifoqining muzlatilgan Rossiya aktivlarini Ukraina manfaatlari yo‘lida ishlatishiga qarshi ekanini bildirdi. Bu haqda Xitoy Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Go Szyakun ma’lum qildi.

“Xitoy xalqaro huquqni buzadigan va BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan ma’qullanmagan bir tomonlama sanksiyalarga izchil ravishda qarshi chiqib kelmoqda”, dedi u brifingda, YeI tomonidan Rossiya aktivlaridan Kiyev ehtiyojlari uchun foydalanish Xitoyning Yevropa Ittifoqidagi investitsiya muhitiga bo‘lgan ishonchini susaytirmaydimi, degan savolga javob berar ekan.

Xitoy diplomatining aniqlashicha, Pekin barcha manfaatdor tomonlar sa’y-harakatlari bilan “dialog va muzokaralarni ilgari surish uchun ijobiy muhit va qulay sharoitlar yaratish” tarafdori. U Ukraina inqirozini harbiy emas, “siyosiy yo‘l bilan hal etish zarurligini” ta’kidladi.

12 dekabr kuni Yevropa Ittifoqi Kengashi Rossiyaning suveren aktivlarini muddatsiz bloklash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Yevropa komissiyasi 18–19 dekabrda bo‘lib o‘tadigan sammitda YeI mamlakatlaridan Ukrainaga kredit berish maqsadida Rossiyaning 210 mlrd yevro miqdoridagi aktivlarini ekspropriatsiya qilish bo‘yicha qaror qabul qilishga erishishni ko‘zlamoqda. Ushbu mablag‘larning 185 mlrd yevro qismi Belgiyadagi Euroclear depozitariysida muzlatilgan.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Yevropa davlatlarida muhokama qilinayotgan Rossiya aktivlarini musodara qilish tashabbusini “o‘g‘rilik amali” deb baholagan. Rossiya Adliya vaziri Konstantin Chuychenko G‘arb mamlakatlari tomonidan Rossiya aktivlari ehtimoliy musodara qilinishiga javob choralari variantlari mamlakat rahbariyatiga taqdim etilganini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Trampning ma’muriyati so‘nggi haftalarda yevropalik amaldorlar bilan Ukraina bo‘yicha tinchlik rejasiga qo‘shimcha hujjatlarni qo‘shishni muhokama qilayotgani xabar qilingandi. Ularda YeI hududida muzlatilgan Rossiya aktivlarini yechish va ularni AQSHning moliyaviy va boshqa kompaniyalariga Ukrainada loyihalarni rivojlantirish uchun topshirish taklif qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Evropa Ittifoqi Xitoy Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing