Xitoy yangi harbiy kemani taqdim etdi
Olam
−
28 dekabr 2024
4491Xitoy Xalq Respublikasi o‘z sinfidagi birinchi yangi harbiy kema “Sichuan”ni taqdim etdi. Bu haqda “Bild” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, bu gigant vertolyot tashuvchi kemaning sig‘imi 40 000 tonna, uzunligi esa 260 metrni tashkil etadi. U nafaqat vertolyotlar va dronlarni tashish imkoniyatiga ega , balki samolyotlar va uchuvchisiz samolyotlarni uchirish uchun ilg‘or elektromagnit katapult tizimi bilan jihozlangan.
Strategik tadqiqotlar markazi ma’lumotlariga ko‘ra, kema 1000 dan ortiq dengiz piyodalarini tashishga mo‘ljallangan.
“Ushbu loyiha Xitoy Xalq Ozodlik Armiyasining amfibiya urushi sohasidagi imkoniyatlarini kengaytirishni ko‘rsatadi”, deydi harbiy ekspert Karl Shuster.
Nashrga ko‘ra, Xitoy Tayvan atrofida olib borayotgan harbiy faoliyatining kuchayishi kuzatuvchilarni xavotirga solmoqda. So‘nggi yillarda Xitoy orol atrofida bir necha mashg‘ulotlar o‘tkazgan, shuningdek, uning havo hududiga kirishlar sonini oshirgan.
G‘arb tahlilchilari “Sichuan” kemasining yaratilishini Tayvanga hujum qilishga tayyorgarlik sifatida ko‘rmoqda.
“Ushbu kema ikki kun oldin namoyish etilgan yangi xitoylik qiruvchi samolyotlar bilan birga Pekinning orolni egallash rejalarini amalga oshirishda asosiy vositaga aylanishi mumkin”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Mudofaa vazirligining Xitoy harbiy qudrati to‘g‘risidagi yillik hisobotida 2030 yilga borib Xitoy 1 mingdan ortiq yadro kallaklarini joylashtirish imkoniyatiga ega bo‘lishi qayd etilgandi. Pentagon hisob-kitoblariga ko‘ra, Xitoy 2030 yilga borib 1 mingdan ortiq operativ joylashtirilgan yadro kallaklariga ega bo‘ladi. Ularning katta qismi yuqori tayyorgarlik darajasida bo‘ladi. Xitoy 2035 yilgacha yadro qudratini kengaytirishni davom ettiradi va shu vaqtga borib Xitoy Xalq ozodlik armiyasining modernizatsiyasini “asosiy darajada yakunlash” vazifasini bajarishni ko‘zlamoqda. Bu 2049 yilga borib dunyo miqyosida tengsiz harbiy qudratga ega bo‘lishni maqsad qilgan Xitoy raisi Si Szinpinning strategik rejasi doirasidagi muhim bosqichdir.
LiveBarchasi