Xitoy “Tolibon”ni qo‘llab-quvvatlashga va’da berdi

Olam

image
Afg‘onistondagi voqealar Tojikistonga xavf solsa, Rossiya yordam beradi — Shoygu north_east

Afg‘onistondagi voqealar Tojikistonga xavf solsa, Rossiya yordam beradi — Shoygu

Xitoy “Afg‘onistondagi barqarorlikni tiklash jarayonida” “Tolibon” harakatining rolini qo‘llab-quvvatlashga va’da berdi. Tegishli bayonotni Xitoy Xalq Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Van I Tyanszin shahriga yetib kelgan “Tolibon” harakati delegatsiyasi bilan muzokaralar paytida ma’lum qildi.  

Muzokaralar chog‘ida Van I “Tolibon”dan Sharqiy Turkiston Islomiy Harakati bilan barcha aloqalarni uzishni talab qilgan. 

O‘z navbatida, Xitoy hukumati Afg‘onistonning ichki ishlariga aralashmaslikka va’da bergan, ammo mamlakatda tinchlik o‘rnatishga yordam berishga tayyorligini bildirgan. 

“Biz har doim butun afg‘on xalqiga nisbatan do‘stona siyosat yuritganmiz. AQSH va NATO qo‘shinlarining Afg‘onistondan shoshilinch ravishda olib chiqib ketilishi bu mamlakatda Amerika strategiyasining barbod bo‘lganidan dalolat beradi. “Tolibon” harbiy va siyosiy kuch sifatida Afg‘onistonda hal qiluvchi rol o‘ynaydi va biz ishonamiz-ki, “Tolibon” u yerda tinchlik va barqarorlikni tiklashning asosiy omiliga aylanadi”, degan Van I. 

Harakat vakillari Xitoyga, ayniqsa, koronavirusga qarshi kurashda afg‘on xalqi bilan doimiy hamkorligi uchun minnatdorlik bildirib, Afg‘oniston hududi boshqa davlatlarga qarshi ishlatilmasligiga ishontirgan. 

Ma’lumot o‘rnida, Xitoy-Afg‘oniston chegarasining maydoni 76 kilometrni tashkil qiladi, ammo u vaqti-vaqti bilan uyg‘ur musulmonlarining rasmiylarga qarshi ommaviy namoyishlari yoki qurolli harakatlari bo‘lib turadigan Xitoyning eng notinch mintaqasi — Shinjon-Uyg‘ur avtonom viloyati orqali o‘tgan. Tyanszindagi muzokaralar iyul oyi o‘rtalarida radikal harakat jangarilari Vaxan chegara uyezdini o‘z nazorati ostiga olib, Xitoy bilan chegaraga yetib kelganidan keyin birinchisi hisoblanadi. 

Birinchi marta Xitoy 2019 yil iyun oyida “Tolibon” delegatsiyasini rasmiy ravishda qabul qilgan. Biroq, ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoy vakillari va “Tolibon” o‘rtasidagi aloqalar Pokiston vositachiligi bilan ancha oldin boshlangan.

Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik

Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi. 

Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, ItaliyaAvstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.

Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy Tolibon

Baholaganlar

227

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing