Afg‘onistonda harbiy tashkilotlar qurol tarqatish huquqidan mahrum qilindi
Olam
−
09 noyabr
2592Afg‘onistonda "Tolibon" muvaqqat hukumatining mudofaa vazirligi, ichki ishlar vazirligi va razvedka bosh boshqarmasi qurol-yarog‘, o‘q-dorilar hamda harbiy texnikani tarqatish huquqidan mahrum etildi. Bu haqda “Tolibon” oliy rahbari Haybatulloh Oxundzoda tegishli farmonni imzoladi.
"Tolibon" muvaqqat hukumatining matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid farmon imzolanganini e’lon qildi va bundan buyon quroldan to‘g‘ri foydalanish va xavfsizlik uchun qurol hamda o‘q-dorilardan har qanday foydalanish yoki tarqatish faqat rahbarning bevosita buyrug‘i bilan amalga oshirilishini qo‘shimcha qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur farmon sakkiz banddan iborat. Qurol berish uchun endilikda Oxundzodaning o‘zi shaxsan mas’ul bo‘ladi.
“Ushbu chora qurol va boshqa harbiy vositalar kerak bo‘lmagan holatlarda ishlatilmasligi hamda bu qurollarning umumiy xavfsizligini oshirish uchun qurol-yarog‘ning yaxshiroq himoyasini ta’minlashga qaratilgan”, deydi Mujohid.
Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Abdul Matin Qani, shuningdek, direktivaga batafsil to‘xtalib o‘tib, bundan buyon omborlarda saqlanayotgan barcha qurol-yarog‘ va jihozlar faqat oliy rahbarning buyrug‘i bilan tarqatilishini ta’kidlagan.
Harbiy masalalar bo‘yicha ekspert Zalmay Afg‘on Yar ko‘rsatmani ijobiy qadam sifatida baholagan.
“Hukumatda har doim qurolni shaxsiy manfaati uchun suiiste’mol qilgan shaxslar bo‘lgan”, deydi u.
Farmonga ko‘ra, fuqarolik tashkilotlari, savdogarlar va fuqarolarga o‘qotar qurol litsenziyalari faqat ichki ishlar vazirligi tomonidan berilishi lozim.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati erkaklarga jinsi shim kiyishni va turli soch turmagini taqiqlagandi. Afg‘on erkaklariga jinsi shimlar va soch turmagidan tashqari, soqollarini kalta kesish, shuningdek, xotini yoki qarindoshlaridan boshqa ayollarga qarash ham taqiqlangan.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr