Bayden Xitoy rahbari bilan uchrashadi
3-sahifa
−
14 noyabr
4020AQSHning amaldagi Prezidenti Jo Bayden joriy yilning 16 noyabr kuni Xitoy rahbari Si Szinpin bilan Perudagi Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik forumida uchrashishi mumkin. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, ikki rahbar global masalalarni, jumladan, Vashington va Pekin o‘rtasidagi keskinlikning kuchayishini qamrab oluvchi muzokaralar o‘tkazishi kutilmoqda. Bu Bayden va Si Szinpinning aprel oyidagi telefon suhbatidan keyingi birinchi rasmiy muloqoti bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, Bayden va Si Szinpinning so‘nggi uchrashuvi 2023 yil 15-16 noyabr kunlari bo‘lib o‘tgan. AQSH Prezidenti Jo Bayden va Xitoy Raisi Si Szinpin o‘zaro ko‘rishib, muzokaralar olib borgandi. Uchrashuv San-Fransisko yaqinidagi Filoli qarorgohida APEC (Osiyo-Tinch okeani mintaqasi iqtisodiy hamkorligi) sammiti doirasida bo‘lib o‘tgan.
O‘shanda bu Xitoy rahbarining AQSHga olti yil ichidagi birinchi tashrifi va Jo Bayden hamda Si Szinpin bir yildan ortiq vaqt ichida o‘tkazgan birinchi ikki tomonlama uchrashuv bo‘lgan.
AQSH va Xitoy to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy aloqalarni tiklashga kelishgan. Pekin va Vashington 2022 yil avgustida AQSH Vakillar palatasi sobiq spikeri Nensi Pelosi Tayvanga borganda yuqori darajadagi harbiy aloqalarni uzgandi. AQSH va Xitoy giyohvand moddalarni, jumladan, fentanil kabi sintetik giyohvand moddalarni global noqonuniy ishlab chiqarish va savdosiga qarshi kurashni kuchaytirishga kelishib olgan. Xitoy fentanil ishlab chiqarish bilan bog‘liq mahsulotlar eksporti sharoitini qattiqlashtirishga rozi bo‘lgan.
Shuningdek, o‘shanda AQSH va Xitoy sun’iy intellekt tizimlari bilan bog‘liq xavflarni bartaraf etish zarurligi to‘g‘risida kelishib olgan. Bu maqsadda ikki davlat hukumatlari o‘rtasida maslahatlashuvlar o‘tkaziladi. Bayden va Si bir-biriga doimiy yo‘lovchi tashish reyslarini sezilarli darajada oshirish ustida ishlashga va’da bergan. Ikki davlat rahbarlari ta’lim, talabalar, madaniyat, sport va biznes almashinuvlarini kengaytirish tarafdori ekanini aytgan.
Tayvan borasida Bayden AQSHning “yagona Xitoy” siyosati o‘zgarmaganini, ammo AQSH status-kvoning har qanday bir tomonlama o‘zgarishiga qarshi ekanini bildirgan. Si Szinpin Tayvan masalasini Xitoy-Amerika munosabatlaridagi “eng muhim va nozik” masala deb atagan. Xitoy rahbariga ko‘ra, AQSH “Tayvan mustaqilligi”ni qo‘llab-quvvatlamaslik pozitsiyasini aniq harakatlarda ifodalashi, Tayvanni qurollantirishni to‘xtatishi va Xitoyni tinch yo‘l bilan birlashtirishni qo‘llab-quvvatlashi kerak.
LiveBarchasi
AQSH dollarining rasmiy kursi pasaydi.
27 dekabr