Xitoy Tayvanga qurol sotgani uchun AQSHga sanksiya kiritdi
Olam
−
13 iyul
7457Tayvan Vashingtondan F-16V qiruvchi samolyotlarida foydalanadigan infraqizil qidiruv va kuzatuv tizimlarini sotib oladi. Bu haqda orolning markaziy axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, shartnoma summasi 345 million dollarni tashkil qiladi. Qurol sotib olish rejasiga kiritilgan tegishli tizimlar AQSHdan buyurtma qilingan 66 ta F-16V qiruvchi samolyotlariga o‘rnatiladi.
Orol mudofaa idorasining aniqlik kiritishicha, ushbu yangi avlod tizimlari F-16V uchun maxsus ishlab chiqilgan va qiruvchilarning nishonlarni aniqlash va ularni kuzatish qobiliyatini, shuningdek, havo janglarining umumiy samaradorligini oshiradi.
Xitoy esa Tayvan oroli ma’muriyatiga qurol yetkazib bergani uchun AQSHning bir qator harbiy-sanoat kompaniyalari va ularning rahbarlariga qarshi yangi sanksiyalar joriy qildi.
“Qo‘shma Shtatlar yaqinda Xitoyning Tayvan mintaqasiga qurol-yarog‘ sotishni qayta e’lon qildi, bu “Yagona Xitoy prinsipi” va “Uch Xitoy-AQSH qo‘shma kommyunikesi”ni jiddiy buzadi, Xitoyning ichki ishlariga jiddiy aralashuv hisoblanadi hamda Xitoy Xalq Respublikasining suvereniteti va hududiy yaxlitligiga katta zarar yetkazadi. Xitoy Xalq Respublikasining “Xorijiy sanksiyalarga qarshi” qonunining 3, 4, 5, 6, 9 va 15-moddalariga muvofiq, Xitoy AQSHning harbiy sanoat korxonalari va ularning yuqori rahbariyatiga qarshi choralar ko‘rishga qaror qildi”, deyiladi TIV bayonotida.
“Qora ro‘yxat”ga kiritilgan tashkilotlar orasida Anduril korporatsiyasi, Maritime Tactical Systems Corporation, Pacific Rim Defense Corporation, AEVEX Aerospace Corporation, LKD Aerospace Corporation va Summit Technology korporatsiyasi bor. Ularning Xitoydagi aktivlari va mulklari muzlatiladi. Shuningdek, mazkur korxonalarning 11 nafar rahbar xodimlari ro‘yxatga kiritildi. Ularning Xitoyga, jumladan Gonkong va Makaoga kirishi taqiqlanadi.
Ma’lumot uchun, Vashington “yagona Xitoy” siyosatini e’lon qilar ekan, ayni paytda Taybey ma’muriyati bilan aloqalarni davom ettirmoqda. AQSH Tayvanning asosiy qurol yetkazib beruvchisidir. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Amerikaning orolga bir necha yil davomida yetkazib bergan harbiy yuklarining umumiy miqdori 70 milliard dollardan oshgan.
LiveBarchasi