Xitoy Tayvan yaqinida 5 kunlik harbiy mashg‘ulot boshladi

Olam

image

Xitoy Dengiz xavfsizligi boshqarmasining ma’lum qilishicha, AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining Tayvanga ehtimoliy tashrifi munosabati bilan bugun, 2 avgust kuni Xalq ozodlik armiyasi Janubiy Xitoy dengizida mashg‘ulotlarni boshladi. Manevrlar 6 avgustga qadar davom etadi.

2 avgust soat 00:00 dan (Toshkent vaqti bilan dushanba soat 17:00) 6 avgust 24:00 gacha (Toshkent vaqti bilan soat 17:00) Janubiy Xitoy dengizining bir qismida harbiy mashg‘ulotlar o‘tkaziladi”, deyiladi vazirlik xabarida. 

Koordinatalari saytda ko‘rsatilgan ushbu hududga kirish taqiqlanadi, deyiladi hujjatda.

O‘z navbatida, Dalyan shahri (Lyaonin viloyati, Shimoliy-Sharqiy Xitoy) dengiz xavfsizligi boshqarmasi 1 avgust kuni soat 14:00 dan  4 avgust soat 24:00 gacha boxay ko‘rfazining shimoliy qismida jangovar o‘qlar bilan mashg‘ulot o‘tkazilishini ma’lum qildi.

Bu Xitoyning shu kunlarda dengizda o‘tkazayotgan yagona mashqlari emas. O‘tgan hafta juma kuni Xitoy Guandun va Xaynan provinsiyalari suvlarida Janubiy Xitoy dengizining to‘rtta hududida mashg‘ulotlarni boshladi. Shanba kuni Tayvan bilan bo‘g‘oz bo‘ylab joylashgan sharqiy Futszyan provinsiyasi suvlarida jangovar o‘qlar bilan mashqlar o‘tkazildi.

Tayvan OAVlari Pelosi orolga seshanba kuni kechqurun yetib borish niyatida ekanini xabar qilgan edi. Xitoy, agar Pelosi Tayvanga tashrif buyursa, bunga harbiy javob qaytarilishini uqtirmoqda. Qo‘shma Shtatlar Xitoy harbiy yo‘nalishda bir qator qadamlar qo‘yishi mumkinligidan xavotirda. Pelosi chiqqani taxmin qilinayotgan maxsus bort so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Malayziyadan havoga ko‘tarilib, janubga harakatlanishni boshlagan.

Vashington va Pekin munosabatlaridagi Tayvan masalasi Ukrainadagi vaziyat fonida alohida ahamiyat kasb eta boshladi. Xitoy tarixiy va siyosiy sabablarga ko‘ra Qo‘shma Shtatlardan uning ichki ishlariga aralashmaslikni talab qilmoqda. Vashington “yagona Xitoy tamoyili”ga rasman rioya qilib, Taypey bilan diplomatik aloqalarga ega emas. Biroq shunga qaramay nafaqat orol bilan aloqalarni saqlab qolgan, balki u yerga muntazam ravishda qurol yetkazib beradi.

Eslatib o‘tamiz, AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining Osiyoga safari chog‘ida Xitoy o‘z hududi deb hisoblovchi Tayvanga ham borishi mumkinligi Pekin va Vashington o‘rtasidagi munosabatlarning yana keskinlashishiga sabab bo‘lyapti. Xitoy tomoni bunday harakatlardan tiyilishga chaqirib, ogohlantirish bilan chiqdi.

Pelosi Osiyo turnesi davomida Malayziya, Singapur, Koreya va Yaponiyaga borishi rejalashtirilgan. Safar aprel oyida amalga oshirilishi kerak edi. Biroq palata spikeri koronavirusga chalingach, safar kechiktirildi.

Xitoy Pelosining Tayvanga borishi munosabatlarga jiddiy putur yetkazishi haqida bir necha marta ogohlantirdi. Hatto uning samolyotini urib tushrishi mumkinligini ko‘rsatish uchun Tayvanga eng yaqin viloyatida haqiqiy o‘qlardan foydalangan holda mashg‘ulot boshladi. Hatto viloyatga havo hujumidan mudofaa tizimlari ham joylashtirildi.

Tayvan 1949 yilda Chan Kayshi (1887-1975) boshchiligidagi Gomindan qo‘shinlarining qoldiqlari Xitoy fuqarolar urushida mag‘lubiyatga uchragach, orolga qochib ketganidan beri o‘z ma’muriyati tomonidan boshqariladi. O‘shandan beri Tayvan kommunistlar hokimiyatga kelishidan oldin materikda mavjud bo‘lgan sobiq Xitoy Respublikasi bayrog‘i va boshqa atributlarini saqlab qolgan.

Qo‘shma Shtatlar 1979 yilda Tayvan bilan diplomatik aloqalarni uzib, ularni XXR bilan o‘rnatgan. Vashington “yagona Xitoy” siyosatini tan olish bilan birga, ayni paytda Taybey ma’muriyati bilan aloqalarni davom ettirmoqda va orolga qurol yetkazib bermoqda. 2020 yilda AQSHning avvalgi Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Gonkongdagi vaziyat tufayli Pekin bilan munosabatlarning keskinlashuvi fonida Tayvan bilan aloqa va almashinuvlarni sezilarli darajada faollashtirdi, bu esa XXR rasmiylarining noroziligiga sabab bo‘ldi. 

AQSH Tayvanning asosiy qurol yetkazib beruvchisidir. Joriy yilning aprel oyida Davlat departamenti Patriot zenit-raketa tizimlariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha 95 million dollarlik shartnomani ma’qulladi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh-Xitoy Tayvan'

Baholaganlar

65

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing