Xitoy Moliya vaziri Mirziyoyevga Si Szinpinning salomini yetkazdi

Jamiyat

image

Samarqand shahrida o‘tayotgan OIIB Boshqaruvchilar kengashining yillik yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 25 sentyabr kuni Xitoy Moliya vaziri Lan Foanni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Xitoy Moliya vaziri O‘zbekiston rahbariga Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

"O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi barcha sharoitlarda strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni oliy darajadagi kelishuvlarga muvofiq kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi", deyiladi xabarda.

Shuningdek, Xitoyning yetakchi bank-moliya institutlari bilan sheriklikni mustahkamlash, ustuvor investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.

Ma’lumot uchun, 25-26 sentyabr kunlari Samarqand shahrida Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Boshqaruvchilar kengashi IX yillik yig‘ilishi  bo‘lib o‘tmoqda. Ikki kunlik sammitda 100 dan ortiq mamlakatdan yuqori darajali delegatsiyalar, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va boshqa xalqaro tashkilotlar rahbarlari hamda vakillari, yetakchi xorijiy kompaniyalarning boshqaruvchilari va nufuzli ekspertlar, jami 2 mingga yaqin ishtirokchi qatnashishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Shavkat Mirziyoyev mazkur yig‘ilishning ochilish sessiyasida qatnashgan va yirik mintaqaviy infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga bo‘lgan ehtiyoj oshib borayotganiga e’tibor qaratib, “Xitoy - Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi buning yorqin misoli ekanini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Samarqand Xitoy Lan' Foan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing