Xitoy qurol ishlab chiqarishda AQSHni ortda qoldirdi – FA
Olam
−
03 Oktabr
7215Xitoyning mudofaa xarajatlari jadal sur’atlar bilan o‘sib bormoqda va ba’zi sohalarda mamlakat harbiy sanoati AQSHdan sezilarli darajada oldinga chiqib olgan. Bu haqda “Foreign Affairs” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, Xitoy juda tez sur’atlarda AQSHni tiyib turishga qaratilgan qurol-yarog‘ tizimlarini ishlab chiqmoqda va uning mudofaa sanoati deyarli harbiy sharoitda faoliyat yuritmoqda. Xususan, mamlakat qurol ishlab chiqarish salohiyati bo‘yicha AQSHni quvib yetib oldi. Bundan tashqari, Xitoy dunyodagi eng yirik kemasozlik sanoatiga ega bo‘lib, bu sohada AQSHni ancha ortda qoldirdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoyning kemasozlik salohiyati AQSHnikidan 230 barobarga katta.
Nashrning yozishicha, 2021 yildan 2024 yil boshigacha Xitoyning mudofaa korxonalari 400 dan ortiq zamonaviy jangovar samolyotlar va 20 ta yirik harbiy kemalar ishlab chiqardi. Shuningdek, Xitoy o‘zining yadroviy snaryadlari zaxirasini ikki barobarga oshirdi va ballistik hamda qanotli raketalarning zaxirasini ikki baravardan ham ko‘proqqa ko‘paytirdi. Bundan tashqari, Xitoy yangi “ko‘rinmas” bombardimonchi samolyotni ishlab chiqdi.
Qayd etilishicha, shu davr mobaynida Xitoy sun’iy yo‘ldoshlarni uchirishni 50 foizga oshirdi hamda yangi qurol-yarog‘ tizimlarini AQSHga nisbatan 5-6 marta tezroq oladi. AQSH mudofaa sanoati esa bunday rivojlanishni quvib yetishga ulgurmayapti. Nashrga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar mudofaa sanoati resurslar va yetarli darajadagi moslashuvchanlikka ega emas, bu sohada tanqidiy kamchiliklari bor.
“Foreign Affairs”ning yozishicha, AQSHning mudofaa sanoati Ukraina, Isroil va Tayvanga yordam paketlari orqali buyurtmalarning keskin oshishi tufayli rekord darajada ishlab chiqarishni boshdan kechirmoqda. Biroq bu sohaning kelajagi noaniq bo‘lib qolmoqda. Ekspertlarning fikriga ko‘ra, sohaga moliyalashtirishning tubdan ko‘payishi kuzatilgan, ammo bu Qo‘shma Shtatlar va ularning ittifoqchilarini uzoq muddatli mudofaa bilan ta’minlash uchun zarur bo‘lgan barqaror o‘sishni kafolatlamaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy Xalq Ozodlik Armiyasi raketa kuchlari mamlakat tashkil topganining 70 yilligiga bag‘ishlab, Tinch okeanining ochiq suviga qit’alararo ballistik raketa uchirgan edi.
LiveBarchasi