Xitoy AQSHga talab qo‘ydi
Olam
−
17 mart 2022
73443Amerika Qo‘shma Shtatlari savdo-iqtisodiy munosabatlarni siyosiylashtirishni va Xitoy kompaniyalariga bosim o‘tkazishni to‘xtatishi kerak. Bu haqda Xitoy Savdo vazirligi rasmiy vakili Gao Fen ma’lum qildi.
“AQSH tomoni zudlik bilan Xitoy kompaniyalariga asossiz bosimni to‘xtatishi, iqtisodiy va savdo masalalarini siyosiylashtirishning noto‘g‘ri amaliyotini zudlik bilan to‘xtatishi, butun dunyo kompaniyalari, jumladan, Xitoy kompaniyalari uchun adolatli va barqaror bozor muhitini yaratishi kerak”, degan u.
Gao Fenning qo‘shimcha qilishicha, AQSH Xitoy telekommunikatsiya kompaniyalari faoliyatiga hech qanday faktli asoslarsiz g‘arazli tarzda bosim o‘tkazishda davom etmoqda. Uning ta’kidlashicha, Xitoy o‘z kompaniyalarining qonuniy huquq va manfaatlarini qat’iy himoya qilish uchun zarur choralarni ko‘radi.
Eslatib o‘tamiz, Xitoy Osiyoda dollardan voz kechish (de-dollarizatsiya) jarayonini boshlagan. Mintaqa davlatlari savdoda asta-sekin Amerika valyutasidan voz kechib, milliy valyutalardan foydalanmoqda.