Xirmon baland, ko‘ngil to‘q
Biznes
−
29 avgust 2020
9772Xalqimiz nonni ayricha e’zozlaydi. Uning yerga tushgan ushog‘ini ham avaylab, ko‘zga suradi. Nonga mehr, uni asrab avaylash tuyg‘usi go‘dakligimizdan qon-qonimizga singib ketgan. Bundan boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas, axir. Boisi yaqin-yiroq o‘tmishimizda yurtga kelgan qahatchilik, urush va boshqa ofatlar bir burda nonning qadri naqadar balandligini bildirib qo‘ygan. Hatto, istiqlolning ilk yillarida mamlakatimiz g‘alla zaxirasi sanoqli kunlarga yetadigan miqdorda qolgani ham sir emas.
Bu sinovlarning barchasi ortda qoldi. Bugun dorilomon zamonda yashayapmiz. Yurtimiz to‘la-to‘kis g‘alla mustaqilligiga erishdi, xirmonlarimiz but, ko‘nglimiz to‘q. Joriy yilda butun dunyo bo‘ylab koronavirus pandemiyasining keng tarqalishi tabiiyki, oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, un mahsulotlariga bo‘lgan talabni bir necha barobarga oshirib yubordi. Buning birinchi sababi, aholining karantin munosabati bilan bir necha oy mobaynida o‘z uyida qolishi va asosan faol iste’molchiga aylangani bo‘lsa, ikkinchi jihati, ertangi kun uchun zaxira yaratishga bo‘lgan urinish bilan izohlanadi.
“O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi aholining un mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish borasida tizimli ishlarni amalga oshirmoqda. Kompaniya tarkibidagi 43 ta don korxonasida ishlab chiqarish quvvati yiliga 2 mln 20 ming tonnani tashkil etadigan jami 52 ta zamonaviy tegirmon sexlari samarali faoliyat olib bormoqda.
Shuni alohida qayd etish joizki, karantin sharoitidagi cheklovlarga qaramasdan korxonalar faoliyatida bir zum ham uzilish bo‘lgani yo‘q. Jumladan, joriy yilning o‘tgan 8 oyi davomida mazkur quvvatlardan to‘liq foydalangan holda 1117,5 ming tonna un mahsuloti ishlab chiqarildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 164,7 ming tonna ko‘pdir.
Ishlab chiqarilgan un mahsulotlarini mutasaddi vazirliklar tomonidan belgilangan hajmlarda sotilishi yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, joriy yilning o‘tgan 8 oyi davomida 1124,2 ming tonna un sotuvga chiqarildi. Bu raqamni o‘tgan yilning mos davri bilan solishtiradigan bo‘lsak, 174 ming tonnaga ko‘p demakdir.
Yana bir muhim jihati shundaki, tizim korxonalarida ishlab chiqarilgan un mahsulotlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 14 oktyabrdagi “Don, un va non yetkazib berish tizimiga bozor mexanizmlarini to‘liq joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 866-son qaroriga asosan birja savdolari orqali sotilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 16 apreldagi “Koronovirus pandemiyasi sharoitida respublika aholisiga davlat resurslari hisobiga un mahsulotlarini tizimli va kafolatli yetkazib berish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi yig‘ilish bayoni talablaridan kelib chiqib, karantin sharoitida aholining un va un mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish masalasida yangicha yondashuv yuzaga keldi. Kompaniya tarkibidagi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan un mahsulotlari viloyat hokimliklarining dislokatsiyasiga asosan, manzilli ravishda har bir hududdagi chakana savdo va qolipli non ishlab chiqaruvchi korxonalarga to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma asosida, bir qopi uchun ulgurji narxlarda 125 ming so‘mdan yetkazib berilmoqda. Bu esa turli tushunmovchiliklarning oldini olish barobarida qo‘shimcha ravishda vaqt va turli xarajatlarning qisqarishiga olib kelmoqda.
O‘z navbatida soliq va boshqa nazorat qiluvchi organlar chakana savdo va qolipli non ishlab chiqarish korxonalari tomonidan xarid qilingan un mahsulotlarining belgilangan maqsadlarda foydalanilishi hamda aholiga yetkazib berilishi ustidan qat’iy nazoratni amalga oshirmoqda.
Shuni alohida qayd etish joizki, joriy yil boshoqli don hosilidan davlat ehtiyojlari uchun ulkan xirmon jamg‘arilgan. Bugungi kunda kompaniya tarkibidagi barcha korxonalarda bir kecha-kunduzda 6 ming tonna un ishlab chiqarilmoqda. Aholi talab va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda ishlab chiqarish hajmni yanada oshirish imkoniyatlari mavjud. Demak, aholiga un mahsulotlari yetkazib berish borasida hech qanday uzilishlarga yo‘l qo‘yilmaydi. Xirmon but, ko‘ngil to‘q. Asossiz xavotirlarga esa hech qanday o‘rin yo‘q. Zero, aholiga uzluksiz ravishda sifatli un mahsulotlari yetkazib berish bizning asosiy vazifamizdir.
Reklama huquqi asosida
LiveBarchasi