Xayriya qilmaslik ayb emas, jinoyat ham emas – Adliya vazirligi san’atkorlar masalasiga munosabat bildirdi
Jamiyat
−
02 aprel 2020
9944Xabaringiz bor, ijtimoiy tarmoqlarda san’atkorlar va boshqa ko‘plab xalq e’tiboridagi kishilarning xayriya qilmasligi bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Kuni kecha “O‘zbekiston 24” telekanalida jurnalist Sherzod Qudratxo‘jayev san’atkorlarning xayriya ishlarida faol ishtirok etmayotganini tanqid qilib, efir orqali televideniyega kelib tushgan maktubni o‘qib eshittirdi. Unda “otarchilar 5 ming dollarga to‘yga borib, xalqning boshiga og‘ir kun kelganda xayriya qilmayotgani” yozilgan. Qudratxo‘jayev esa karantin davrida studiyaga ko‘plab san’atkorlar suhbat uchun taklif qilingani, ammo ularning birortasi suhbatga kelmaganini aytadi. Aslida karantin davrida bu e’tiroz qanchalik o‘rinli?
Shundan so‘ng “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi san’atkorlarning ko‘pchiligi allaqachon 352 million 500 ming so‘m miqdorida turli ko‘rinishdagi xayriyalarni amalga oshirgani haqida hisobot berib chiqdi. Ayni vaqtda ushbu masala ijtimoiy tarmoqning bosh mavzusiga aylangan.
Xayriya qilish masalasida qonunchilik borasida Adliya vazirligi izoh berdi.
“So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqda xayriya masalasi eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzular qatorida turibdi. Jumladan, fuqarolarimiz ma’lum toifa yoki kasb egalarining xayriya jarayonida yetarlicha faol emasligini tanqid ostiga olmoqdalar. Ushbu masala ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lganligi va ayni kunlarda o‘ta dolzarb ekanligini hisobga olib quyidagilarni fikrlarni ma’lum qilishni lozim deb topdik”, deya vazirlik o‘z muloxazalarini bermoqda. Demak, vazirlik munosabati bo‘yicha quyidagilarni dastaklamoqda.
Birinchi, masalaning huquqiy jihati. “Homiylik to‘g‘risida”gi Qonunda “Yuridik va jismoniy shaxslar homiylikni ixtiyoriy ravishda hamda moneliksiz amalga oshirishga haqli” deb qayd etilgan. Xuddi shunday, Fuqarolik kodeksining 511-moddasida “Xayr-ehsonni qabul qilishga biror kimsaning ruxsati yoki roziligi talab qilinmaydi” deyilgan.
Yuqorida keltirilgan normalardan ham ko‘rinib turibdiki, xayriya faoliyati ixtiyoriy tarzda amalga oshiriladigan jarayondir va hech bir yuridik yoki jismoniy shaxsni turli ijtimoiy bosimlar yoki boshqa usullar bilan homiylik faoliyatiga majburlash mumkin emas. Shu bilan birga qonunlarimiz har bir shaxsning o‘z mehnati bilan erishgan moddiy vositalarini qonunlarda belgilagan talablarga rioya etgan holda erkin tasarruf etishini kafolatlaydi.
Ikkinchi, masalaning axloqiy jihati. Birovni xayriya qilmaganlikda ayblash va buni yomon ish sifatida muhokama qilish umuminsoniy va milliy axloqiy-etik prinsiplarga mos emas. Chunki xayriya qilmaslik ayb emas, jinoyat ham emas. Eng muhimi, hech kim biron shaxsning aslida xayriya qilgan-qilmaganini aniq bilmaydi ham. Chunki ko‘pchilik xayr-ehson qilganda manmanlik, maqtanchoqlikdan yiroq bo‘lish uchun uni ommaga ma’lum qilmay, yashirin tarzda amalga oshirishi mumkin. San’atkorlar va yoki boshqa toifaning xayriya tadbirlaridan chetda turibdi deb ayblashimiz ularga nisbatan adolatsizlik hamdir. Chunki “O‘zbekkonsert” tashkilotining bergan ma’lumotlariga ko‘ra, san’atkorlar karantin davridan buyon 352 mln so‘mdan ortiq mablag‘ni xayriya qilgan. Biz bu xayriya tadbirlari yana davom etayotganiga ishonamiz. Bir mashhur rivoyatda aytilganidek, aslida bizga yomon ko‘ringan inson eng yaxshi ishlarni qilayotgan bo‘lishi va biz bundan bexabar bo‘lishimiz mumkin. Demak, o‘zimiz yaxshi bilmagan ma’lumotlar asosida, qolaversa qonunan va ma’nan haqqimiz bo‘lmagan holda birovlarni xayriya qilmaslikda ayblash to‘g‘ri emas.
Uchinchi, masalaning diniy jihati. Insonlar haqida yomon gumonda bo‘lish, yolg‘on va xato ma’lumotlar asosida birovlarni ayblash va malomat qilish Islom dinida ham qorlanadi. Qur’oni Karimning “Hujurot” surasi 12-oyatida: “Ey, iymon keltirganlar! Ko‘p gumonlardan chetda bo‘linglar, chunki ba’zi gumonlar gunohdir”, deyilgan. Xayr-ehson, avvalo, Alloh yo‘lida va uning uchun qilinadi deb ishonadi mo‘min inson. Shunday ekan, bu Yaratgan va bandasi o‘rtasidagi masala bo‘lib, uni boshqalar baholashi va muhokama qilishi o‘rinlimikan?
Adliya vazirligi ma’lum qilishicha, xayriya tadbirlari murakkab vaziyatda insonlarni o‘zaro yaqin va birdam bo‘lishga, jamiyatni yanada birlashishga sabab bo‘lmoqda.
“Bu ijobiy holat, chunki jamiyatning umumiy muammolar qarshisida birlashuvi fuqarolik jamiyatining kuchayishiga olib keluvchi ijobiy omildir. Biroq xayriya ixtiyoriy tadbir ekanini, uni har bir kimsa o‘z irodasi va shaxsiy tashabbusiga ko‘ra amalga oshirishi lozimligini, xayriya haqida noto‘g‘ri mulohazalar esa jamiyat birdamligiga putur yetkazishini unutmaslik kerak”, deyiladi vazirlik munosabatida.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi joriy yilning 1 aprelidan boshlab yakka tartibdagi xayriya aksiyalarini joriy yilning 1 aprelidan e’tiboran vaqtincha to‘xtatishga qaratilgan qarorni qabul qildi. Qarorga ko‘ra, ehtiyojmand kishilarga xayriya yordamlarini manzilli yetkazilishida ko‘maklashish uchun bunday tadbirlar markazlashgan tartibda amalga oshiriladi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr