Xavfli mahsulotlarni bozordan olib tashlashning yagona tartibi joriy etiladi
Jamiyat
−
20:38 505 2 daqiqa
Joriy yilning 8 avgust kuni Oliy Majlis Senatining 18-yalpi majlisida “Bozor nazorati to‘g‘risida”gi Qonun ma’qullandi. Bu haqda Oliy Majlis Senati xabar berdi.
Qayd etilishicha, amaldagi tartibda bozorda xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan nooziq-ovqat mahsulotlarini aniqlash, ularni muomaladan chiqarish va bu borada vakolatli davlat organlarining hamkorligini tartibga soluvchi alohida qonun mavjud emas.
Yangi qonun bilan bozor nazoratini amalga oshirishning asosiy prinsiplari, vakolatli davlat organlari va iqtisodiy operatorlarning huquq hamda majburiyatlari, nazorat tadbirlarini o‘tkazish tartibi va ta’sir choralarini qo‘llashning huquqiy asoslari belgilanmoqda.
Shuningdek, bozor nazoratini xavf-xatarlarni baholash asosida tashkil etish, nazorat xaridlarini amalga oshirish va mahsulotlarni laboratoriya sinovlaridan o‘tkazish mexanizmlari joriy etilmoqda. Xavfli deb topilgan mahsulotlarni muomaladan chiqarish va chaqirib olish, shuningdek, bu haqda iste’molchilarni tezkor xabardor qilish tartibi ham belgilanmoqda.
Qonunda tadbirkorlarning huquqlariga ham alohida e’tibor qaratilgan. Ular bozor nazorati tadbirlarida ishtirok etish, nazorat materiallari bilan tanishish, audio va videoyazuvlarni amalga oshirish hamda vakolatli organlar qarorlari ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega bo‘ladi.
Senatorlarning ta’kidlashicha, qonunning qabul qilinishi ichki bozorda faqat xavfsiz va belgilangan talablarga javob beradigan mahsulotlar muomalada bo‘lishini ta’minlash, iste’molchilar huquqlarini samarali himoya qilish va davlat nazoratining ochiqligi hamda shaffofligini oshirishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oliy Majlis Senatining 18-yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan kommunal xo‘jaligi xodimi” faxriy unvonini ta’sis etishni nazarda tutuvchi qonun ma’qullangani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi