Toshkentdagi birorta bozor yopilmaydi – Shavkat Umrzoqov

Jamiyat

image

Toshkent shahridagi birorta bozor yopilmaydi va o‘z funksiyasini yo‘qotmaydi. Bu haqda poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov ma’lum qildi.

Uning aytishicha, “Toshkent shahrini 2026-2027 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida uchta aniq yo‘nalish belgilangan: bozorlarni modernizatsiya qilish, gavjum ko‘chalarni rivojlantirish va avtoturargohlar tizimini yaratish.

“Bozorlar eng og‘ir yo‘nalishlardan biri. Xalqimiz orasida “Bozor va mozorga tegma”, degan naql bor va ushbu gapning ortida asosli xavotirlar yotibdi. Aholimiz o‘rgangan va nasibasini topayotgani joylar o‘zgarsa, albatta, bezovta bo‘ladi, ammo aytish lozimki, hozirgi bozorlar ko‘rinishi bilan ham, biznes modeli bilan ham zamonaviy talablarga javob bermaydi. Shuning uchun 35 ta davlat bozori va savdo majmuasi investorlarga taklif etilmoqda”, deydi hokim. 

Uning bildirishicha, birorta bozor yopilmaydi va o‘z funksiyasini yo‘qotmaydi. Investorga uchta qat’iy shart qo‘yiladi: belgilangan hajmdagi savdo rastalarini zamonaviy shaklda qurib davlatga topshirish, mavjud tadbirkorlarning ish o‘rinlarini saqlash va yetarli sig‘imdagi avtoturargoh barpo etish. 

“Investor faqat samarasiz foydalanilayotgan maydonlarda savdo, xizmat va ko‘ngilochar ob’ektlar qurish huquqini oladi. Ekobozor bu model ishlashini ko‘rsatdi. Xalqaro tajriba ham bor – Rotterdamdagi Markthal yoki Lissabondagi Time Out Market tarixiy bozor funksiyasi saqlangan holda shaharning eng gavjum nuqtalariga aylangani bunga misol bo‘la oladi. Bizning bozorlarimiz ham milliy muhitini saqlagan holda aynan shunday rivojlanishi kerak”, deydi Shavkat Umurzoqov.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentdagi deyarli barcha bozorlar, jumladan, “Farhod”, “O‘rikzor”, “Qo‘yliq” va “Ippodrom” hamda shular qatori yana 31 ta bozor va savdo kompleksi hamda ularning shoxobchalari sotuvga qo‘yilishi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing