Xatomni bo‘ynimga olaman – Yulduz Usmonova Ozodbek Nazarbekovning idorasidan turib uzr so‘radi

Madaniyat-san’at

O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova bo‘lib o‘tgan voqealar uchun takroran uzr so‘radi. Uning navbatdagi “uzr marosimi” aks etgan videosi avvalgidek xonadonida emas, balki davlat idorasida tasvirga tushirilgan.  QALAMPIR.UZ’ga ma’lum bo‘lishicha, bu O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning vazirlikdagi xonasi. Kecha, 7 may kuni Ozodbek Nazarbekov tavallud topgan kun edi. Usmonova esa uni tabriklab idorasiga borgan va masala shu yerda uzil-kesil hal etilgan ko‘rinadi. 

Galdagi videoda Yulduz Usmonova o‘zining ham xatosi borligini tan oladi, u bu safar qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib uzr so‘raydi va hammasi unut bo‘lishiga umid bildiradi. Jumladan u shunday deydi: 

“Ramazon kunlarida tutayotgan ro‘zalaringiz qabul bo‘lsin deyman. Mana, ko‘ryapsizlar butun dunyoga pandemiya keldi. Pandemiyadan “zona”larga bo‘linib asta-sekin chiqib ketyapmiz. Bu baloni ham ortda qoldiryapmiz. Lekin balo bir kelsa, qo‘sha-qo‘sha kelarkan. Sardobada bo‘lgan voqealarni ko‘rdingiz. Hammamiz birlashdik, xalq birlasha oldi. Va shu kunlarda bir noxush voqea bo‘lib qoldi, meni achchig‘im kelgan joyi bo‘ldi. Achchiq ustida o‘ylamay gapirgan gaplarim bo‘ldi. Ulug‘ kunlarda hammadan uzr so‘ramoqchiman. Haqiqatda ulug‘ ayom kunida mendan dilingiz og‘rimasin. 

O‘zining jonini jabborga berib ishlayotgan odamlar ham bor. Karatinda odamlar bilan birgalikda, ham odamlarni kutib olib, ham ichkariga kirib ketib, karatinda o‘tirib chiqqan “militsiya”larimiz ham bo‘ldi. Agar shularning dilini og‘ritgan bo‘lsa... Mana o‘sha yerda hozir harbiylar hammasi ishlayapti-da, hamma hozir birlashdi yana.  Hamma jonini jabborga berib ishlayotganlardan uzr so‘rayman. Hech qaysi davlatda xalq bilan davlat bunaqa birlashmagan. Sizlar o‘zlaring yuklanmanglar. 

Xavotirli, xalqning mulki omonat, javobgarlik, hammasi bitta bo‘lib portladi. Yana bir bor aytaman, mehnat qilayotganlardan men uzrimni so‘rayman. Sizlarga tekkan bo‘lsa, sizlardan, ota-onalaringdan uzr so‘rayman. Chunki jonini jabborga bergan odamlar juda ko‘p. Hozir Vatanga kelgan, xalqqa kelgan og‘ir kunda xalqimiz bilan yelkama-yelka xizmat qilaylik. Shu balolardan chiqib olaylik, vaqt hammasini o‘z o‘rniga qo‘yadi. Ertaga yana bir bor “allo” desalaring, men yana xizmatimga tayyor ekanimni aytmoqchiman. Xatoimni bo‘ynimga olaman. Xafa bo‘lmanglar ulug‘ ayyom kunida. Hammamiz bir yoqadan bosh chiqaramiz, xafagarchilikni unutamiz, degan umiddaman”. 

Voqealar xronologiyasi

O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova 3 may kuni Instagram'dagi sahifasidagi jonli efirda Ichki ishlar xodimlarini ishlamayotganga chiqarib, ular bugun marhum Birinchi Prezident Islom Karimov davrida yashamayotgani, har kuni klizma olishga o‘rganib qolganini aytgandi. Xonanda efirda "Padarla’anati bo‘ldilaring bugun" degan so‘zlarni qo‘llagan edi. Ushbu video jamoatchilikning jiddiy e’tirozlariga sabab bo‘ldi.

Avvaliga Madaniyat vazirligi munosabat bildirdi. Bu orada Yulduz Usmonova Ichki ishlar xodimlaridan uzr so‘radi

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi esa keskin bayonot bilan chiqdi. Usmonovaning harakatlari ustidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan surishtiruv ishlari boshlangani ma’lum qilindi. IIV Matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov esa Yulduz Usmonovaning ruhiy sog‘lomligiga shubha bilan qarayotganini aytdi.

So‘ng "O‘zbekkonsert" davlat muassasasi xonandaning xatti-harakatlari Madaniyat vazirligi qoshidagi Jamoatchilik kengashida muhokama qilinishi aytib chiqdi. Ammo, bu masalaga qaytilmadi.

IIV 5 may kuni Yulduz Usmonova ishi bo‘yicha sud bo‘lib o‘tishini ma’lum qilib, OAVni Ma’muriy ishlar bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudiga taklif qildi. Ammo sud bo‘lmadi.

Mamlakatda bo‘lib o‘tgan voqealar esa Turkiya matbuotigacha yetib bordi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi esa Usmonovaning sudi nega o‘tmaganini ochiqladi.


Maqola muallifi

Teglar

Yulduz Usmonova

Baholaganlar

1385

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing