“Xatolar takrorlanmasligi kerak”. Prezident Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha xavotir bildirdi
Jamiyat
−
26 iyul 2022
11292Dunyo hamjamiyati Afg‘oniston ustidan qaror qabul qilayotganda, o‘tgan asrning 90-yillarida qilgan xatolarini takrorlamasligi kerak. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bugun, 26 iyul kuni “Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot” xalqaro konferensiyasi ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatida so‘z borgan.
“Aminmizki, jahon hamjamiyati bugun 1990-yillardagi xatolarni qayta takrorlamaydi, ularni chetlab o‘ta oladi va shunga erishish lozim”, deydi davlat rahbari.
Murojaatda qayd etilganidek, Amudaryoning narigi sohilida tinchlik bo‘lmasa O‘zbekistonda ham, butun Markaziy Osiyo mintaqasida ham xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga erishib bo‘lmaydi.
“Afg‘onistonning xalqaro maydonda yakkalab qo‘yilishi gumanitar vaziyatning yanada yomonlashuviga olib kelishi muqarrar, shu bois bunga yo‘l qo‘ymaslik muhimdir. Gap millionlab insonlarning taqdiri haqida bormoqda”, deydi Mirziyoyev.
Shuningdek, Prezident bugungi kunda dunyoning turli mintaqalarida sodir bo‘layotgan voqealar dunyo hamjamiyatida Afg‘onistonga nisbatan e’tibor susayishiga sabab bo‘layotgani va bu xavotirni uyg‘otayotganini qayd etgan.
“O‘zining yangi tarixida chuqur ijtimoiy-iqtisodiy va gumanitar inqirozga duch kelayotgan Afg‘onistonga nisbatan e’tibor dunyoda tobora susayib borayotgani xavotir uyg‘otmasdan qolmaydi”, deydi Mirziyoyev.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 26 iyul kuni poytaxt Toshkentda “Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot” xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amir Xon Muttaqiy boshchiligidagi Afg‘oniston muvaqqat hukumati delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.
LiveBarchasi