Xanchjou-2022. O‘zbekistonlik badiiy gimnastikachilar chempion bo‘ldi
Sport
−
06 Oktabr 2023
4872Xitoyning Xanchjou shahrida bo‘lib o‘tayotgan XIX yozgi Osiyo o‘yinlarining navbatdagi kuni o‘z yakuniga yetib bormoqda. Bugun, 6 oktyabr kuni musobaqaning badiiy gimnastika bo‘yicha bellashuvlariga kirishgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari yakkalik dasturida saralash va jamoaviy yo‘nalish bo‘yicha final bahslarini o‘tkazdi.
Tahmina Ikromova, Vilana Savadyan hamda Evelina Atalyansdan iborat uchlik 324,8 ball jamg‘argan holda o‘yinlardagi barcha raqiblarini ortda qoldirdi. Ahamiyatlisi ushbu natijani hech bir jamoa takrorlay olmadi va O‘zbekiston vakillari jamoaviy dasturda oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, bugungi chiqishlari orqali Tahmina Ikromova hamda Evelina Atalyansda mazkur sport turining yakkalik yo‘nalishida ko‘pkurash dasturida medallar uchun kurashish imkoni saqlanib qoldi.
Shu tariqa O‘zbekiston delegatsiyasi hisobidagi oltin medallar soni 20 taga yetdi. Mamlakat bu orqali medallar jamg‘arish bo‘yicha umumiy reytingning 5-pog‘onasidagi o‘rnini yanayam mustahkamlab qo‘ydi.
Ma’lumot uchun, hozirda delegatsiya hisobida jami 64 medal (20 ta oltin, 18 ta kumush, 26 ta bronza) bor.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xanchjou shahrida bo‘lib o‘tayotgan Osiyo o‘yinlarida kanoe slalomida eshkak eshish bo‘yicha qatnashgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Anvar Klevleyev oltin medalni qo‘lga kiritgan edi. Biroq videotakrorlarni ko‘rib chiqqan hakam, uning xitoylik raqibiga qo‘llanilgan 50 soniyalik jarimani olib tashlagan holda oltin medalni mezbonlarga qaytarib berdi.
LiveBarchasi